Isroil armiyasi G‘arbiy Sohildagi ikki falastinlik uyini buzib tashladi
Isroil armiyasi ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda falastinliklarga tegishli ikki uyni qurilish ruxsatnomasi yo‘qligini bahona qilib buzib tashladi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Isroil qo‘shinlari buldozerlar ko‘magida Baytullohim shahri janubidagi Al-Xadr qishlog‘iga reyd uyushtirgan. Ikkita uy “ruxsat yo‘qligi” tufayli vayron qilingan.
Bundan tashqari, Isroil bo‘linmalari Yerixo, Qabatiya, Jenin, Nablus va Qalqiliya shaharlarining bir qancha hududlarida ham reydlar o‘tkazdi.
Falastin Ozodlik Tashkiloti qoshidagi Sharmandalik devori va yahudiy maskanlariga qarshi kurash kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, faqat avgust oyida Isroil 125 ta ob’ektni — turar-joy, tijorat va qishloq xo‘jaligi binolarini buzgan.
“Ruxsat yo‘q” bahonasi
Isroil armiyasi ishg‘ol qilingan G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusdagi falastinlik mulklarini “ruxsatsiz qurilgan” deb bahona qilib muntazam ravishda buzib kelmoqda.
Mahalliy manbalar qayd etishicha, G‘arbiy Sohilning to‘liq Isroil nazorati ostida bo‘lgan S hududida falastinliklar qurilish yoki dehqonchilik qilish uchun rasmiy ruxsat olishi deyarli imkonsiz.
1995 yilgi Ikkinchi Oslo kelishuviga ko‘ra, G‘arbiy Sohil A, B va S hududlariga bo‘lingan. A hududi (18%) — Falastin ma’muriy va xavfsizlik nazorati ostida, B hududi (21%) — Falastin ma’muriy, lekin Isroil xavfsizlik nazoratida, C hududi (61%) esa to‘liq Isroil nazoratida qolgan.
2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilning G‘azoga hujumlari boshlangach, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda falastinliklarga qarshi reydlar, hibslar va hujumlar yanada kuchaygan.
