Tabiiy gaz hajmi me’yoriy sxemaga yaqinlashyapti

Tabiiy gaz hajmi me’yoriy sxemaga yaqinlashyapti

Tabiiy gaz hajmi me’yoriy sxemaga yaqinlashyapti. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev ma’lum qildi.

Kecha, 22 fevral kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida ma’lumot beramiz.

22 fevral kuni barcha elektr stansiyalar orqali jami 244,2 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 4 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 42,3 mln kubometr tabiiy gaz, 21 ming tonna ko‘mir hamda 11,4 ming tonna mazut yoqildi.

Turkmaniston Respublikasidan 22,6 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.

Respublika iste’molchilariga 240,2 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 6 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.

Qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining avariya oqibatida keskin tushib ketganligi hamda aholi iste’molchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning bir necha marotaba oshishi tufayli 22 fevral kuni ham respublikamiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida 550 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o‘zgargunga qadar bugun ham kunning tig‘iz paytlarida ma’lum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin.

Gaz bosimining odatdagidan ko‘ra past ekaniga qaramay, 22 fevral kuni ham uning iste’moli yuqoriligicha qoldi. Kecha mazkur miqdor 154,6 mln kubometrni tashkil qildi.

Tabiiy gaz hajmi me’yoriy sxemaga yaqinlashyapti. Biroq gaz bosimining pastligi me’yoriy sxemaning to‘liq tiklanishini kechiktiryapti.

Magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketishi oqibatlarini bartaraf etish, respublika iste’molchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bir qator zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me’yorda tutib turish maqsadida barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.

Kecha mamlakatimizdagi 481 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar ob’ektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 3 million 239 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berildi.

Avtobenzin va dizel yonilg‘isi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 22 fevral kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 4 ming 332 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun qo‘yilgan 8 ming 415 tonna avtobenzinning 3 ming 439 tonnasi, 2 ming 100 tonna dizel yonilg‘isining esa 1 ming 281 tonnasi sotildi.

Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.

Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida iste’molning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.

Xususan, kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 5 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 2 ta nosozlik bartaraf qilindi.

Ta’kidlash joizki, qishning sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada safida mehnat qilayotgan 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.

22 fevral kuni elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan 492 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan 232 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.

Shu o‘rinda iste’molchilardan tabiiy gaz hamda elektr energiyasidan tejab-tergab foydalanishlarini so‘raymiz. Zero, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, behuda yonayotgan chiroqlar, reklama yoritkichlari hamda boshqa manbalarni o‘chirib yurish orqali elektr tarmoqlariga tushadigan kuchlanishni kamaytirishimiz, qolaversa, isrofgarchilikning oldini olishimiz mumkin.

Shu bilan birga, isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya etishlarini so‘raymiz.

Hurmatli iste’molchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz ta’minoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!