Surxondaryolik erkak ukasining oilasini sudga berdi, ammo...

Surxondaryolik erkak ukasining oilasini sudga berdi, ammo...

Xalqimiz azal-azaldan qarindoshlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, ahil-inoqlik va tinchlik-totuvlik kabi olijanob fazilatlarni ulug‘lab kelgan. Ular qon-qarindoshlik rish­talarini yanada mustahkamlab, jamiyatda mo‘’tadil muhit yaratadi. Biroq hayotda mulk, uy-joy talashib, yetti yot begonaga aylanayotgan og‘a-inilar, bir hovliga sig‘may, kunaro jiqqamusht bo‘layotgan ovsinlar ham uchrab tu­radiki, bu hol kishini beixtiyor o‘ylantirib qo‘yadi. Quyida bayon etilayotgan voqea ham aynan shu haqida.

Sherobod tumanining «Tallimaron» mahallasida istiqomat qiluvchi So­ra Nazarova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) umr yo‘ldoshi vafot etgach, o‘ziga tegishli 0.13 ga tomor­qa uchastkasi va u yerdagi uy­ni katta o‘g‘­li Baxtiyor Xolboyev ham­da qizi Barno Xolboyeva nomiga hadya sifatida rasmiylashtirib beradi. Afsuski, shu kundan boshlab oiladan osoyishtalik ko‘tariladi. Chunki bu hovlida Sora opaning kichik o‘g‘li Alisher Xolboyev ham turmush o‘rtog‘i va uch nafar farzandi bi­lan yashab kelayotgandi.

O‘z navbatida, Baxtiyor ukasini oila a’zolari bilan bir­ga hovlidan ko‘chirib yuborish choralarini izlay boshlaydi. Lekin ukasining ko‘chib chiqadigan uy-joyi yo‘q.

Aka-ukaning mojarolaridan xabar topgan qo‘ni-qo‘shni, mahalla kayvonilari, qarindosh-urug‘lar ularni insofga chaqirib, katta hovlida tinch-totuv yashashga undashadi. Biroq Baxtiyor va uning turmush o‘r­tog‘i sira murosai-madoraga kelmaydi.

Oxir-oqibat o‘zaro tor­ti­shuv va nizolar shu darajaga borib yetdiki, Baxtiyor Xol­boyev ukasi va uning oila a’zolarini majburiy tartibda hovli-joydan chiqarish uchun sudga da’vo arizasi kiritdi.

Sud taraflarning fikr­larini atroflicha muhokama qilib, tegishli hujjatlar bi­­lan batafsil tanishib, ushbu nizoga huquqiy baho berdi.

Xususan, Uy-joy kodeksida belgilanishicha, uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilmagan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidir. Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga ham haqli bo‘lib, oilaning boshqa a’zolarini uy, kvartira mulkdorlarining roziligi bilan kiritishi mumkin. Bunday vaziyatda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq a’­zolari, shu­ningdek, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o‘rtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.

Ushbu qonun talablaridan kelib chiqib, sud Baxtiyor Xolboyevning ukasi Alisher Xolboyevning oila a’zolari bilan majburiy tartibda hovli-joydan chiqarish haqidagi da’vosini qanoatlantirishni rad etish xususida hal qi­luv qarori chiqardi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, har qanday oqil kishi o‘z yaqinlari oldidagi insoniylik burchini birinchi galdagi vazifa deb biladi. Qa­erda bo‘lmasin, ularga madad bo‘lib, mehr-muruvvat ko‘rsatish uchun shoshiladi, hech qachon ulardan beminnat ko‘magini ayamaydi. Ahillik bor joyda hech qanday nizoga o‘rin qolmaydi.

Sohib Rahimov,

fuqarolik ishlari bo‘yicha

Sherobod tumanlararo

sudi sudyasi,

Abdunabi Boboyorov,

jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!