Sovuq havoda ekinlarni asrab qolish uchun nima qilish kerak?

Sovuq havoda ekinlarni asrab qolish uchun nima qilish kerak?

24-27 fevral kunlari kutilayotgan sovuq siklonda qishloq xo‘jaligi ekinlari va daraxtlarni saqlash bo‘yicha tavsiyalar 

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Nigora Xo‘jayeva bu borada batafsil ma’lumot berdi.

❄️Gidrometeorologiya xizmati xabar berishicha, 24-27 fevral kunlari O‘zbekistonga Volga bo‘yi orqali Rossiyaning Yevropa qismi hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo kirib kelishi kutilmoqda.

Ob-havoning keskin o‘zgarishi sharoitida mevali bog‘ va uzumzorlar, ertaki kartoshka va sabzavot ekinlarini saqlab qolish maqsadida quyidagi tadbirlarni zudlik bilan amalga oshirish tavsiya etiladi:

▫️mevali bog‘ va uzumzorlarning qator oralaridan sug‘orish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqizish;

▫️mevali bog‘ va uzumzorlar qator oralariga mahalliy o‘g‘it aralash hashak, paxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish. Buning uchun mevali bog‘ va uzumzorlarga bir tekisda eni 1,25-1,5 m hamda balandligi 0,5-0,75 m dan to‘p-to‘p qilib uyib qo‘yish;

▫️daraxtlarning yoshi va qalin siyrakligiga qarab har bir gektar maydonga 100-200 ta uyum hosil qilish. Tutun bog‘ ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlarni mevali bog‘ va uzumzorlarning shamol esadigan tomoniga qo‘yish hamda havo xaroratini kuzatib borish;

▫️havo ochiq bo‘lib, harorat +1°S ga tushishi bilan uyumlarni tutatish. Bunda uyumlarning alangalanmay, tutab yonishiga alohida ahamiyat berish lozim. Sovuq takrorlanishini hisobga olib, uyumlar oralatib tutatish. Agar sovuq bo‘lmasa uyumlardan o‘g‘it sifatida foydalanish;

▫️ertaki muddatlarda ekilgan kartoshka nihollari yerdan unib chiqqan bo‘lsa, sharoitga qarab, egat ustini polietilen plyonka bilan yopish yoki yopishning iloji bo‘lmagan maydonlarda kechki suv qo‘yishni tashkil etish va maydonning atrofiga go‘ng aralash xashak, paxol va shox-shabbalar uyumlarini to‘plash hamda ularni tutatish;

▫️isitilmaydigan ko‘chatxonalarda yetishtirilayotgan sabzavot va poliz ekinlari ko‘chatlarini sovuqdan asrashning muhim tadbirlaridan biri dugalar o‘rnatish, ustini polietilen plyonkasi bilan yopish, vaqtinchalik isitish moslamalaridan foydalanish hamda atrofiga go‘ng aralash xashak, paxol va shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish; 

▫️issiqsevar sabzavot ekinlaridan pomidor, shirin qalampir va baqlajon ko‘chatlarini parnikda tayyorlashni hamda  bodring va poliz ekinlari urug‘larini ekishni vaqtinchalik to‘xtatib turish; 

▫️Sovuqqa chidamli sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi, karam va ko‘kat sabzavotlar kabi ekinlarga sovuq -2-3°S sezilarli ta’sir etmaydi. 
 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!