​Senat raisi​ o‘zbek tilini abgor holatga olib kelayotgan mutasaddilarni tanqid qildi

​Senat raisi​ o‘zbek tilini abgor holatga olib kelayotgan mutasaddilarni tanqid qildi

2019 yilda “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi. Ushbu sanani munosib nishonlashga puxta tayyorgarlik ko‘rish va til rivoji bilan bog‘liq muammolarni tahlil etish maqsadida “Davlat tili haqida”gi qonunning Toshkent shahrida, shuningdek, turli vazirlik va idoralarda ijro etilishi holati o‘rganildi. Bu haqda Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘z ma’ruzasida aytib o‘tdi. 

Senat raisining mazkur mavzudagi tanqidiy fikrlarini keltiramiz:

– Turli yillar mobaynida Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 154 normativ - huquqiy hujjatning ilovalari davlat tilida tasdiqlanmagan.

– 2018 yilda qabul qilingan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va agentliklarning 34 ta qo‘shma qarori ham davlat tilida emas. Buning ustiga, ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlarda “Rus tilidagi matnga qarang”, degan havolalarning mavjudligini esa davlat tiliga o‘ta hurmatsizlik sifatida baholash mumkin.

– Nafaqat nodavlat teleradiokanallari, balki O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallarida ham boshlovchilar tomonidan adabiy til qoidalariga zid ravishda turli sheva larda so‘zlash salbiy odat tusiga aylanmoqda.

– Telekanallarda efirga berilayotgan nomi inglizcha-yu, o‘zi go‘yoki o‘zbekcha ko‘rsatuvlar til qoidalariga mutlaqo yotligi mas’ullarni ham, ko‘rsatuvlarni tayyorlovchi qo‘shtirnoq ichidagi “ijodkor”larni ham hech bo‘lmaganda uyaltirmayapti.

– Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida saboq olishni boshlagan yosh avlod bugun 23 yoshdan oshdi.

– Fundamental ilmiy, badiiy, siyosiy va boshqa adabiyotlarning aksariyati esa kirilchada qolib ketgan. Oqibatda hayotning ayni ilm olishga zarurat va ishtiyoq tug‘ilgan jo‘shqin pallasida aksariyat yoshlarning imkoniyati cheklanib qolmoqda. 

N.Yo‘ldoshev tilimizning abgor holatga tushib qolayotganiga o‘zimizdagi beparvolik va e’tiborsizlik sabab bo‘lmoqda, deb alohida ta’kidladi. 

Shu bois Senat Kengashi Vazirlar Mahkamasi va boshqa mas’ul tuzilmalarga shu kabi ko‘plab kamchiliklarni, davlat tili rivojiga to‘siq bo‘layotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalarni bergan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!