Samarqand davlat universitetiga 5 yulduzli universitet maqomi berildi

Samarqand davlat universitetiga 5 yulduzli universitet maqomi berildi

Samarqand davlat universiteti O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib QS Stars reytingida 5 yulduzli maqomga ega bo‘ldi.

Universitet matbuot xizmatining xabar berishicha, QS Stars tizimi oliy ta’lim muassasalarini global miqyosda baholovchi Buyuk Britaniyaning QS xalqaro reyting agentligi tomonidan 2009 yilda tashkil etilgan. Ushbu tizim universitetlarga o‘zlarining kuchli sohalarini targ‘ib qilish, zaif tomonlarini aniqlash va yaxshilashga yordam beradi.

QS Stars reytingi universitetlarni 13 kategoriya bo‘yicha baholaydi: ta’lim sifati, bitiruvchilarning ishga joylashuvi, tadqiqot, xalqarolashtirish, akademik rivojlanish, qulayliklar, onlayn ta’lim, innovasiyalar, san’at va madaniyat, inklyuzivlik, ijtimoiy mas’uliyat, atrof-muhitga ta’sir va tanlangan mutaxassislik. Reytingga kirish uchun universitetlar kamida 8 yo‘nalishni tanlab ma’lumot taqdim etadi.

Reyting tizimining asosiy maqsadi bo‘lajak talabalarga universitet tanlashda qo‘shimcha vosita berish va alohida muassasalar haqida chuqurroq ma’lumot taqdim etishdir.

“QS kompaniyasi Samarqand davlat universiteti faoliyatini baholashni 2023 yil 1 noyabrda boshladi va natijalar 2024-yil e’lon qilindi,” — deyiladi xabarda.

Matbuot xizmatiga ko‘ra, 8 faoliyat yo‘nalishi va 50 dan ortiq ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlar chuqur tahlil qilingan. Natijada universitet maksimal 1000 balldan 780 ball to‘plagan (5 yulduzli universitet bo‘lish uchun minimal ko‘rsatkich 700 ball).

Ta’lim sifati kategoriyasi bo‘yicha mavjud 4 ko‘rsatkichning 3 tasida, jumladan, talabalarning ta’lim sifati va universitetda yaratilgan sharoitlardan qoniqish darajasi, bitiruvchilarning ta’limni keyingi bosqichlarda davom ettirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha maksimal ball qo‘lga kiritilgan.

QS tomonidan global miqyosda ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, Samarqand davlat universiteti 158 nafar ish beruvchilar tomonidan sifatli kadrlar yetkazib berishi e’tirof etilgan.

Universitet bitiruvchilarining 90 foizdan ortig‘i o‘qishni tugatgandan keyin 24 oy ichida doimiy ishga joylashgan. Universitetda tashkil etilgan “Karera” markazi ishga joylashish xizmatlari natijasida bitiruvchilarning ishga joylashishi ko‘rsatkichi ham 5 yulduzga ega bo‘ldi.

“So‘nggi yillarda SamDUda 20 ga yaqin qurilishlar: o‘quv binolari, talabalar turar joylari, sport inshootlari, ilmiy laboratoriyalar, IT markaz barpo etildi. Bu esa QS reyting agentligi tomonidan e’tirof etildi va universitetda yaratilgan qulayliklar kategoriyasi bo‘yicha ham 5 yulduz bilan baholandi”, — deya qayd etilmoqda xabarda.

Tanlangan ta’lim yo‘nalishi kategoriyasida baholash uchun fizika yo‘nalishi tanlangan. Fizika yo‘nalishida o‘qishga kirishda har bir o‘rin uchun 15,8 nafar abituriyent ariza topshirganligi, talabalarning 94 foizi o‘z vaqtida o‘qishni tugatayotganligi va 94,1 foizi ta’lim sifatida mamnun ekanligi natijasida bu yo‘nalishda ham 5 yulduz qo‘lga kiritilgan.

“QS Stars reyting tizimi universitetlarga xorijlik talabalarni muayyan ustuvor fan yo‘nalishlari bo‘yicha jalb etishga yordam beradi.

Universitetdagi ta’lim sifatining QS kabi xalqaro miqyosda ishonchli tashkilot tomonidan tasdiqlanishi, o‘z brendini rivojlantirish va bozor ehtiyojlariga mos keladigan akademik dasturlarni taklif qilish imkonini beradi”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabar yakunida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!