Rossiyada 58-armiya sobiq qo‘mondoniga ayblov qo‘yildi

Rossiyada 58-armiya sobiq qo‘mondoniga ayblov qo‘yildi

58-armiya sobiq qo‘mondoni general-mayor Ivan Popovga nisbatan ayblov e’lon qilindi, biroq u o‘z aybini tan olmayapti. Bu haqda 24 may, juma kuni uning advokati Sergey Buynovskiy ma’lum qildi. «U barcha ayblovlarni rad etdi, chunki tergov uni ayblayotgan narsada ishtirok etmagan», - deya himoyachining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Rossiya OAV. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.

Popov Rossiya Federasiyasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismiga binoan (uyushgan guruh tomonidan yoki katta hajmdagi firibgarlik) hibsga olingan. 17 may kuni u ikki oyga qamoqqa yuborildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2023 yilda jangovar aloqa chizig‘idagi muhandislik mudofaa inshootlarini jihozlash uchun mo‘ljallangan, qiymati 130 million rubldan ortiq bo‘lgan 1,7 ming tonnadan ortiq metall prokatini o‘g‘irlashda ishtirok etgan. «Kommersant» nashri Popovning sheriklari orasida Krasnodar o‘lkasidan bo‘lgan tadbirkor va Janubiy harbiy okrug ofiserini ham ko‘rsatgan. Generalni o‘n yilgacha qamoq jazosi kutmoqda.

Tergov ham, himoyachi ham suddan ehtiyot chorasini qayta ko‘rib chiqish va Popovga uy qamog‘i tayinlashni so‘ramoqda. Avvalroq Buynovskiy RBKga generalning davlatdan olingan kvartirasi va ikkita yer uchastkasi borligini aytdi. U, shuningdek, bu ishda «yanada jiddiyroq shaxs» borligiga ishora qildi, lekin uning ismini aytishdan bosh tortdi.

Ivan Popov kim?

Popov 58-qo‘shma qurolli armiya qo‘mondoni edi. 2023 yil iyul oyida Davlat dumasi deputati Andrey Gurulev generalning harbiy xizmatchilarga audiomurojaatini e’lon qildi, unda u «yuqori boshqaruv bilan bog‘liq qiyin vaziyat» haqida gapirgan.

O‘sha oyda u Rossiya harbiy kontingentining «rahbarlaridan biri» sifatida Suriyaga jo‘natildi, deb yozdi Oliy rada sobiq deputati Oleg Sarev o‘zining Telegram-kanalida.

Kreml hozirgi vaziyatga baho bermadi. Federasiya kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Andrey Turchak ta’kidlaganidek, «Ivanning vijdoni toza» va «Vatan bunday qo‘mondonlar bilan faxrlanishi mumkin».

Rossiya Mudofaa vazirligi rahbarlariga nisbatan jinoiy ishlar

General Popov ishi bilan bir qatorda, yaqinda Rossiya Mudofaa vazirligi rahbarlariga qarshi bir nechta jinoiy ishlar ochilgani ma’lum bo‘ldi. Bir kun avval Rossiya Qurolli kuchlari aloqa bosh boshqarmasi boshlig‘i, Bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari general-leytenant Vadim Shamarin hibsga olingani haqida xabar berilgan edi.

Aprel oyi oxirida Moskvada mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov pora olganlikda ayblanib hibsga olindi. May oyida Rossiya Mudofaa vazirligining kadrlar bo‘limi boshlig‘i Yuriy Kuznesov qo‘lga olingan va u ham pora olganlikda ayblangan.

2020 yilda Bosh shtab boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari, general-polkovnik Xalil Arslonov qurolli kuchlarni texnika bilan ta’minlashda firibgarlik va korrupsiya ishi bo‘yicha qo‘lga olingan edi. U firibgarlik va pora olishda ayblangan. 2022 yilda «Kommersant» Arslonovning ishi yopiq rejimda ko‘rib chiqilishini yozgan, chiqarilgan hukm haqida hech narsa ma’lum emas.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!