Qirg‘izistonning vaqtinchalik prezidenti oqlandi

Qirg‘izistonning vaqtinchalik prezidenti oqlandi

Qirg‘iziston Oliy sudi bosh vazir va vaqtinchalik prezident Sadir Japarovga nisbatan 2012 yilda hokimiyatni kuch bilan egallab olish bo‘yicha ayblovni olib tashladi. 

Sud matbuot xizmatining bildirishicha, ishda jinoyat tarkib yo‘qligi tufayli Japarovni oqlash haqida qaror qabul qilingan. Bosh vazirdan tashqari deputat Talant Mamitov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev ham oqlandi. 

Muxolifatning 2012 yildagi namoyishi chog‘ida «Ata jurt» partiyasining parlamentdagi fraksiyasi yetakchisi Sadir Japarov vise-spiker Talant Mamitov va deputat Qamchibek Tashiyev bilan birga parlament binosini ishg‘ol qilishga uringani uchun ushlangan edi. Prokuratura ularni hokimiyatni kuch bilan egallashga urinishda aybladi va ularning 10 yilga ozodlikdan mahrum etilishini talab qildi. Bishkek shahar sudi parlament a’zolarini to‘liq oqladi, biroq keyinroq Oliy sud ularga 1 yildan 1,5 yilgacha qamoq jazosini tayinlab, sud zalidan qo‘yib yubordi. 

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovidan keyin siyosiy inqiroz boshlandi. Noroziliklar saylov natijalarining bekor qilinishiga, hukumatning va prezident Sooronbay Jeenbekovning iste’fosiga sabab bo‘ldi. 

Kishini garovga olish va boshqa jinoyatlarda ayblanib qamalgan Sadir Japarov namoyishchilar tomonidan ozodlikka chiqarildi. 14 oktyabrda u bosh vazir lavozimiga tayinlandi.   


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!