Qarshi shahrida eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan shifoxonalar tashkil etildi

Qarshi shahrida eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan shifoxonalar tashkil etildi

Ilgari kardiologik yoki endokrinologik kasallik bilan og‘rigan qashqadaryolik bemorlar poytaxtimizga, ba’zan xorijiy davlatlarga borib davolanardi. Endi xorijliklar shifo izlab Qarshiga kelishi mumkin. Chunki bu yerda eng so‘nggi rusumdagi uskunalar bilan jihozlangan zamonaviy shifoxonalar bor.
 
Prezidentimiz 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Qarshi shahrida  Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya hamda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining filiallarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. O‘tgan qisqa vaqtda yonma-yon joylashgan ikki yirik markaz qurib bitkazildi.  

Davlatimiz rahbari 13 dekabr kuni bu yerga tashrif buyurib, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy texnika va uskunalarni ko‘zdan kechirdi. 
 
120 o‘rinli Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialiga dunyoda eng yangi chiqqan tashxis va davolash apparatlari olib kelindi. Reabilitasiya va yurak ishemik kasalliklari, surunkali yurak yetishmovchiligi va aritmologiya, arterial-gipertenziya, rentgen-endovaskulyar jarrohlik, kardiojarrohlik, qabul-diagnostika kabi bo‘limlar, kunlik 100 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Germaniya, Rossiya kabi davlatlarda tahsil olgan malakali shifokorlar ishga jalb qilindi. Ular o‘z tajribasi va bilimlarini viloyatdagi hamkasblariga ham o‘rgatadi. 

Markazda koronarografiya, ventrikulografiya, tomirlar angiografiyasi, koronar tomirlarni stenlash, ballonli valvuloplastika, bo‘lmachalararo va qorinchalararo to‘siq nuqsonlarini okklyuder yordamida bartaraf etish, aortakoronar shuntlash, yurak orttirilgan nuqsonlaridan klapanlarni protezlash, aorta va uning shoxlarida, yurak tug‘ma nuqsonlarida qilinadigan jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Bu tibbiyot turizmi rivojlanishiga ham hissa qo‘shadi.

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya markazi filiali ham Qashqadaryo uchun juda zarur edi. 

Shu paytgacha bunday tibbiy xizmati viloyat endokrinologiya dispanserida ko‘rsatilib, jihozlari, davolash tizimi eskicha edi.  

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan 150 o‘rinli yangi shifoxona endokrinologik kasalliklarni profilaktika qilish va samarali davolashga xizmat qiladi. Bu yerda yiliga 700-800 jarrohlik amaliyotini o‘tkazish mumkin. 

Yangiliklardan yana biri – Diabet maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani. Mazkur maktabda malakali hamshiralar qandli diabetga chalingan bemorlarga o‘z-o‘zini nazorat qilish, kasallikning kelib chiqish omillari, uning oldini olish yo‘llari, bolalarga esa non birligiga asosan to‘g‘ri ovqatlanish tartibi o‘rgatiladi. 

Bu markazlar boshqa shifoxonalarga namuna bo‘lishi kerak. Faqat kasallarni davolash bilan cheklanmasdan, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha xastaliklarning oldini olish, buning uchun aholining tibbiy madaniyatini oshirish zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz mazkur tibbiyot muassasalariga malakali mutaxassislarni jalb qilish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish qamrovi va sifatini yanada oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Manba: gujum.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!