Prezident tashabbusi: Tibbiyotni transformasiya qilish nega aynan birlamchi bo‘g‘indan boshlandi?

Prezident tashabbusi: Tibbiyotni transformasiya qilish nega aynan birlamchi bo‘g‘indan boshlandi?

Shunchaki simptomlarni yo‘qotish yo zaiflatish bilangina kasallikni davolab bo‘lmaydi. Nega? Chunki muammoning ildizi bilan kurashilmaydi bu jarayonda. Xastalikning sababi qolib, oqibati bilan shug‘ullanish esa kutilgan natijani bermasligi tabiiy.

O‘zbekiston tibbiyotini transformasiya qilishda xuddi shu omillar hisobga olingan. Yanayam aniqrog‘i, davlatimiz rahbari sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish uchun muammoning tub ildizi — birlamchi bo‘g‘in faoliyatini isloh qilishga alohida urg‘u bermoqda.

Xo‘sh, bu nimalarda aks etyapti? Qisqa muddatda mazkur yo‘nalishda qanday yangiliklarga qo‘l urildi? Dastlabki natijalar qoniqarlimi?

Malakali tibbiy xizmatning yangi modeli

Tahlillarga ko‘ra, agar birlamchi tibbiy-sanitariya tizimi samarali ishlasa, joylarda kasalliklardan o‘lim darajasi, nogironlik ko‘rsatkichlari, erta va kam vaznda tug‘ilish holatlari, murakkab operasiyalar uchun ixtisoslashgan markazlar, markaziy shifoxonalarga murojaatlar, surunkali xastaliklardan aziyat chekuvchilar soni keskin kamayadi. Uch yildan buyon yangicha model asosida ish yuritib kelayotgan tibbiyot brigadalari faoliyati ayni shu ustuvor maqsad ro‘yobiga qaratilgan.

Buning uchun tibbiyot brigadalari, avvalo, tegishli ko‘rik va skrining tekshiruvlari orqali o‘ziga biriktirilgan aholi vakillarining qaysi biri sog‘lom, kimlarda xavf omillari bor, yana kimlar sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaydi yoki xastalikka genetik moyilligi mavjud, shu singari sabablarni o‘rganib, tahlil qilib, ularda kasallikning oldini olish uchun kerakli chora-tadbirlarni amalga oshiryapti.

Surunkali kasalligi bor bemorlar salomatligini tizimli nazorat qilinib, tibbiy ko‘rsatma bo‘lganda, ambulator yoki tuman, viloyat, hatto respublika darajasida davolanishini tashkillashtirish choralari ko‘rilmoqda. Uyda yotib qolgan nogironlar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar, homilador va yosh bolali ayollar salomatligidan xabardor bo‘lib, ularning sifatli hayot kechirishi uchun tibbiy ko‘mak ko‘rsatilyapti.

Shifokor asosiy vaqtini bemorga ajratyapti

Ma’lumki, avvallari har ikki ming aholiga bir shifokor, ikki hamshira to‘g‘ri kelgan. Oxirgi uch yildan beri ikki ming aholiga bir oilaviy shifokor, bir amaliyot hamshirasi, ikki patronaj hamshirasi va doya biriktirildi.

Shifokorning ko‘proq vaqti bemorga ajratilishi uchun u bajarayotgan funksiyalarning katta qismi amaliyot hamshirasiga yuklatildi. Buning uchun ushbu o‘rta tibbiyot xodimi maxsus kurslarda o‘qitilib, ular shifokor yordamchisi darajasiga yetkazildi.

Hozir bemorni tibbiy ko‘rik, birlamchi skrininglardan o‘tkazish, qon bosimi va pulsini o‘lchash, bolalarning o‘sish va rivojlanishini baholash kabi funksiyalarni avvalgidek shifokorning o‘zi emas, amaliyot hamshirasi bajaryapti. Shuning hisobidan vrachning asosiy vaqti bemor bilan ishlashga ajratilyapti. Qolaversa, avval hamma yoppasiga chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilgan bo‘lsa, endi har bir aholi vakilining yoshi, jinsi, fiziologik holatiga qarab, maxsus profilaktik tekshiruvlar va skrining dasturlari joriy qilingan.

Patronaj hamshirasi xonadonga maqsadli boradi

Universal-progressiv patronaj tizimi joriy qilingach, yondashuv tubdan o‘zgardi. Patronaj hamshirasining xonadonlarga maqsadli borishi yo‘lga qo‘yildi.

Misol uchun, bola yoki homilador ayolning tana harorati ko‘tarildi yoki qon bosimi oshdi. Patronaj hamshirasi xonadonga borib, ushbu muammoni aniqlagach, masalani tezkorlik bilan ijobiy hal qilishga kirishishi kerak. Buning uchun, avvalo, oila shifokorini vaziyatdan xabardor qiladi. Agar shifokor tomonidan bu ayolni kasalxonaga yotqizish uchun oila tomonidan monelik bo‘lsa, “mahalla yettiligi” yordamida homiladorga tegishli zarur tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Doya shtati nima uchun tashkil etildi?

Prezidentimiz tomonidan mamlakatimiz bo‘yicha birlamchi tibbiyot muassasalari tibbiy brigadalari uchun 8,5 mingta alohida doya hamshirasi shtati ajratib berilgani ham katta yangilik bo‘ldi.

Hozir ushbu o‘rta tibbiyot xodimlari zimmasiga ikkita asosiy vazifa yuklatilgan. Birinchisi — homiladorlarni erta aniqlash va ular uchun tibbiy ko‘riklarni tashkil qilish, shu ayollarning sog‘lom ko‘zi yoriguniga qadar kuzatib borish. Qolaversa, tug‘ish yoshidagi opa-singillarimiz o‘rtasida skrining tekshiruvlarini o‘tkazishga yordam berishga ham ular mas’ul.

Ikkinchi asosiy profilaktik funksiyalaridan biri esa o‘smir qizlar bilan ishlash, ularni erta yoshdan oilaga ham jismoniy, ham ruhiy, ham tibbiy jihatdan tayyorlash, maslahat berish, ginekologik kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berish hamda shaxsiy gigiyena qoidalarini o‘rgatishdir.

Poytaxtda har bir bemor sog‘ligi poliklinikalardagi shtablar orqali monitoring qilib borilmoqda

Bugungi kunda poytaxtdagi oilaviy poliklinikalar ish faoliyatini yanada yaxshilash, bemorlarning uyga chaqiriqlarini tahlil etish, tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish, ambulator xizmat hamda shifoxonalar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini takomillashtirish maqsadida Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi, 12 ta ko‘p tarmoqli markaziy va 71 ta oilaviy poliklinika hamda bosh boshqarma tasarrufidagi shifoxonalar qoshida doimiy faoliyat yurituvchi shtablar tashkil etilgan.

Xo‘sh, mazkur shtablarning vazifasi nimalardan iborat?

Markaziy shtabga Respublika tez tibbiy yordam markazi Toshkent shahar filialiga bo‘lgan chaqiriqlar hamda poytaxtda joylashgan klinik shifoxonalar va tug‘uruq komplekslariga murojaat qilgan, biroq ambulator muolaja uchun qaytarilgan bemorlar, shuningdek shifoxonadan davolanib chiqqanlar to‘g‘risida kunlik ma’lumot yuboriladi. So‘ng ular tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari va tegishliligi bo‘yicha oilaviy poliklinikalarga yetkaziladi.

Ushbu ma’lumotlar asosida har bir ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarda bitta mobil brigada tashkil etilgan. Ular ertalab soat 08:00 dan 14:00 gacha va 14:00 dan 20:00 gacha bemorlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatib, aholini Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 18 fevraldagi tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan ro‘yxatdagi kerakli dorilar bilan ta’minlaydi.

Shuningdek, ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalar negizida tashkil etilgan shtab tomonidan mobil tibbiy brigada, onlayn va offlayn patronaj tizimi orqali aktiv patronaj xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bemorlarning doimiy monitoringi olib boriladi.

Muhimi, guruhlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlili tibbiy brigadaning faoliyatida o‘z aksini topadi. Ya’ni, bunda bemorlar sog‘lomlashtirish darajasiga qarab, ranglar orqali toifalanadi.

Xususan: qizil toifa – shifoxonada, sariq toifa – ambulator nazoratda, yashil toifa – sog‘ayganlar sifatida belgilanadi. Bu orqali bemor to‘liq tuzalgunga qadar oila shifokorining doimiy nazoratida bo‘ladi. O‘z navbatida, aholiga ko‘rsatiladigan birlamchi tibbiy xizmat sifati oshadi.

Kunduzgi stasionarlar: Shifoxonalarga murojaatlar soni 19,1 foizga kamaydi

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 apreldagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan aholini birlamchi bo‘g‘inda stasionar davolash tizimi takomillashtirildi.

Avvalari birlamchi bo‘g‘in muassasalaridagi kunduzgi shifoxonalardan yetarlicha foydalanilmas edi. Ba’zi oilaviy poliklinikalarda kunduzgi stasionar uchun xona yetishmasa, boshqalarida turli sabablar bilan shifo o‘rinlari tashkil etilmagandi.

Bugungi kunga kelib, respublikamizdagi oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalardagi kunduzgi stasionarlarda 19,3 mingta kunduzgi shifo o‘rni tashkil etilgan. Bunda imkoniyatlardan kelib chiqqan holda oilaviy shifokor punktlarida 6 tagacha, oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda 20 tagacha kunduzgi shifo o‘rinlari yaratilgan. Ularda ishlaydigan tibbiyot xodimlari ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lanishi yo‘lga qo‘yildi.

Kunduzgi stasionarlarda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish vaqti 13:00 dan 20:00 gacha uzaytirilgani ularning ish faoliyatidagi asosiy yangiliklardan biri bo‘ldi. Qolaversa, xuddi shu yangi tizim orqali 558 ming nafar bemorga oilasidan ajralmagan holda davolanish imkoniyati yaratildi va natijada shifoxonalarga murojaatlar 19,1 foizga kamaydi.

Kunduzgi stasionarda muolaja olayotganlar vrach va hamshiraning doimiy nazoratida bo‘ladi. Bemorlarga kafolatlangan paket doirasida tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilib, dori vositalari bepul taqdim etiladi.

Tibbiy xatlov: Bemorlar qanday toifalandi?

Tibbiy xatlov tadbirlari qanchalik ishonchli va samarali tashkil etilsa, aholini qiynab kelayotgan ko‘plab masalalar hal bo‘lishi bilan birga, birlamchi tizimda ishlayotgan shifokorlarning ham og‘iri yengil bo‘ladi.

Kunduzgi stasionarda muolaja olayotganlar vrach va hamshiraning doimiy nazoratida bo‘ladi. Bemorlarga kafolatlangan paket doirasida tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilib, dori vositalari bepul taqdim etiladi.

Tibbiy xatlov: Bemorlar qanday toifalandi?

Tibbiy xatlov tadbirlari qanchalik ishonchli va samarali tashkil etilsa, aholini qiynab kelayotgan ko‘plab masalalar hal bo‘lishi bilan birga, birlamchi tizimda ishlayotgan shifokorlarning ham og‘iri yengil bo‘ladi.

Shu sababdan yurtimizda tibbiyotning birlamchi tizimi orqali aholi tibbiy xatlovdan o‘tkazilyapti. Natijada fuqarolar salomatlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘rt guruhga ajratib olinmoqda.

Xususan, 1-tayanch guruhi — amaliy sog‘lom shaxslar, 2-past xavf guruhi — tez-tez kasal bo‘luvchilar, 3-o‘rta xavf guruhi — surunkali kasalliklari bor bemorlar, 4-yuqori xavf guruhi — o‘zgalar parvarishiga muhtoj, yotib qolgan, nogiron bemorlar.

E’tiborlisi, tibiy xatlov yordamida oilaviy poliklinika va shifokor punktlari hududida qancha bemor bor, ular qaysi xastaliklardan aziyat chekyapti, qanchasi sog‘lom, qanchasi davolanishga muhtoj, qanchasi ortiqcha vaznga ega, qanchasi chekuvchi, qanchasi spirtli ichimliklar iste’mol qiladi, kabi barchasi haqida aniq ma’lumotga, elektron bazaga ega. Ish shu tahlillar asosida tashkil qilinyapti.

"Elektron poliklinika": Ovoragarchiliklarga chek qo‘yiladi

Oilaviy poliklinikalarda bemorlarni eng ko‘p qiynaydigan masala nima? Shifokor qabuliga uzundan uzoq navbat kutish, albatta. Bu holat, ayniqsa, yosh bolali ayollar, homiladorlar va og‘ir bemorlarga yanada qiyinchilik tug‘dirishi bor gap.

Bu muammoning yechimi esa bitta! U ham bo‘lsa, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etishdir.

Shundan kelib chiqqan holda bugun yurtimizda tibbiyot sohasini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Xususan, Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan birlamchi bo‘g‘inda “Elektron poliklinika” axborot tizimining bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishi soha xodimlari va bemorlar uchun ayni muddao bo‘lmoqda.

Yaqinda poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 7-son oilaviy poliklinikada “Elektron poliklinika” axborot tizimining takomillashtirilgan yangi talqini pilot tariqasida ishga tushirildi. Ko‘p o‘tmay bu yangilik boshqa manzillarda ham ommalashtirila boshladi.

Xo‘sh, ushbu loyihaning afzalliklari nimada? U bemorlar, shifokor va hamshiralar uchun qanday qulayiklar yaratadi?

Gap shundaki, avvalgi tizimdan farqli o‘laroq, mazkur dasturning patronaj xizmati raqamlashtirilib, “Elektron resept” (reimbursasiya) tizimi joriy etilgan. Shuningdek, unda real vaqt rejimida statistik ma’lumotlarni shakllantirish va bemorlarga oid shaxsiy ma’lumotlarni yetarli darajada himoyalash ta’minlangan hamda axborot tizimlar o‘zaro integrasiya qilingan.

Takomillashtirilgan “Elektron poliklinika” axborot tizimining joriy etilishi hisobiga avval bemor shifokor qabulida 40 daqiqa navbat kutgan bo‘lsa, endi mutaxassis ko‘rigiga onlayn yozilish orqali bu vaqt 10 daqiqagacha qisqardi.

Qolaversa, avtomatik hisobot shakllanishi orqali oylik 28 turdagi blank va formalar bekor qilindi. Tibbiy ma’lumotlarni elektron shaklda saqlash imkoni yaratildi. Tizim Davlat personallashtirish markazi, MIS-2 va Elektron hukumat platformalari bilan integrasiya qilindi.

Mazkur yangilikning yana bir qulayligi shundaki, oilaviy poliklinikaga kelgan bemorning yuzini aniqlash dasturlari orqali darhol xizmat ko‘rsatish rejimiga o‘tiladi. Ya’ni fuqarodan shaxsni tasdiqlovchi xujjatlar so‘rash bilan ortiqcha vaqt yo‘qotilishi va ovoragarchiliklarga chek qo‘yiladi.

Shuningdek, uning yordamida yagona tibbiy raqam shakllantirilib, bemor stasionar davolanishlar yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanishi va o‘ziga tegishli tibbiy ma’lumotnomalar bilan masofaviy tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Muhimi, yangi loyiha oilaviy poliklinikaning hamshira va shifokorlari uchun yanada qulaylik yaratdi.

Eng asosiysi, yangi tizim tibbiyotni tom ma’noda aholiga yaqinlashtirib, shifokor qabuliga bo‘ladigan uzundan-uzun navbatlarga chek qo‘yadi.

Vaziyatlar markazi": Sog‘liqni saqlash sohasidagi barcha axborot tizimlari yagona majmua orqali nazorat qilinadi

Yaqinda sog‘liqni saqlash va farmasevtika sohalarida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot davomida “Elektron poliklinika”, “Elektron stasionar” va “Elektron resept” tizimlari shu yil oxirigacha to‘liq yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlangan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi elektron platformasining “Vaziyatlar markazi” ochilishi ushbu tizimlarni o‘zaro integrasiya qiladigan asosiy platforma vazifasini bajaradi.

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 28 dekabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan Yangi Situasion markaz — shulardan biri. Yangi ishga tushirilgan ushbu tuzilma tibbiyot xodimlari va yurtdoshlarimizga nima beradi?

Eng avvalo, markazning tashkil etilishi natijasida sog‘liqni saqlash sohasidagi barcha axborot tizimlarini yagona majmua orqali nazorat qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.

Markaz joylardagi axborot tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlab, unda respublikadagi 1700 dan ortiq tibbiyot muassasalarining ma’lumotlar bazasini real vaqt rejimida ko‘rish va tahlil qilish imkoniyati mavjud.

Ma’lumki, Sog‘liqni saqlash vazirligida 50 dan ortiq axborot tizimlari mavjud bo‘lib, ular o‘rtasida o‘zaro integrasiyalashuv bo‘lmagani sohadagi eng katta muammolardan biri edi. Ko‘rilgan choralar natijasida hozir o‘zaro integrasiyalashuv 30 foizni tashkil qilmoqda. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 70 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Qolaversa, biron-bir axborot tizimida nosozlik, texnik uzilish yuzaga kelsa, uni shifokor yoki hamshiralarni ovora qilmasdan, markaz orqali tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, yangi tizim bemorlar tibbiyot muassasalarida uzundan-uzun navbat kutmasdan, shifokor qabuliga onlayn yozilishi, ular tomonidan skrining va tekshiruvlarni o‘tkazish jarayonlarini tashkil etishda bosh platforma bo‘lib xizmat qiladi. Bu, tabiiyki, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini faoliyatini bugungi kun talablari asosida tashkil etish, malakali tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish va pirovardida xalqni rozi qilishda muhim poydevor bo‘lishi shubhasiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!