Prezident farmoni: O‘zbekiston 2030 yilga kelib 50 ta ilg‘or mamlakatlar qatoriga kiradi

Prezident farmoni: O‘zbekiston 2030 yilga kelib 50 ta ilg‘or mamlakatlar qatoriga kiradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovasion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Ilm-fan va texnika yutuqlarini keng qo‘llagan holda iqtisodiyot tarmoqlariga, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy innovasion texnologiyalarni tezkor joriy etish O‘zbekiston Respublikasi jadal rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi. Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari shiddat bilan rivojlanayotgani islohotlarni mamlakatimizning jahon sivilizasiyasi yetakchilari qatoriga kirish yo‘lida tez va sifatli ilgarilashini ta’minlaydigan zamonaviy innovasion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarga asoslangan holda amalga oshirishni taqozo etadi.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlil ishlab chiqarishni modernizasiya, diversifikasiya qilish, uning hajmini oshirish hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar turlarini kengaytirish borasidagi ishlar lozim darajada olib borilmayotganini ko‘rsatdi. Xususan, bu borada ko‘plab ko‘rsatkichlarning mavjud emasligi va ishlar samarali muvofiqlashtirilmagani sababli mamlakatimiz so‘nggi yillarda nufuzli va obro‘li xalqaro tuzilmalar tomonidan tuziladigan Global innovasion indeks reytingida ishtirok etmayapti. Shu yuzasidan davlat rahbari 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovasion rivojlantirish strategiyasi hamda strategiyani amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi», shuningdek, O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha innovasion rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlarini tasdiqladi.

Mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovasion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish – Strategiyaning bosh maqsadi sifatida qabul qilindi. Bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

- O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilga kelib Global innovasion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish;

- barcha darajada ta’lim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini ta’minlash;

- ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun ta’lim, ilm-fan va tadbirkorlikni integrasiya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish;

- innovasiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarga davlat va xususiy mablag‘lar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish;

- boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;

- mulkchilik huquqlari himoyasini ta’minlash, raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;

- barqaror faoliyat yuritadigan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish.

Manba: zamin.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!