Oltin sotuvi O‘zbekiston eksportida katta ulushni egallashda davom etmoqda

Oltin sotuvi O‘zbekiston eksportida katta ulushni egallashda davom etmoqda

Fevraldagi oltin sotuvi respublikaning yanvar—fevral oylaridagi jami eksportidan 36,3 foizini tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi axborot berdi.

Oltin sotuvi O‘zbekiston eksportida katta ulushga ega. Masalan, joriy yil fevral oyidagi oltin savdosi mamlakatning ikki oylik eksporti hajmining 36,3 foiziga teng bo‘ldi.

Respublika 2023 yil yanvarda 1,2 milliard dollarlik oltin eksport qilgan. Joriy yil yanvarda esa oltin sotilmadi. Shuning hisobiga mamlakat eksport hajmi o‘tgan yilning yanvariga nisbatan keskin qisqardi. Ya’ni 2024 yil yanvardagi eksport 1,1 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilning dastlabki oyida bu ko‘rsatkich 2,1 milliard dollar bo‘lgan. Yillik pasayish qariyb bir milliard dollar.

Bu yil fevralda O‘zbekiston tomonidan 1 milliard 317 million 800 ming dollarlik oltin eksporti amalga oshirildi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagi raqamlardan 135 million dollarga ko‘p. Ya’ni 2023 yilning yanvarida 1 milliard 182 million dollarlik oltin sotilgan, biroq fevralida sotilmagan.

2024 yil yanvar – fevral oylarida respublikaning umumiy eksporti 3 milliard 631 million dollarga yetgan. Shundan 1,3 milliard dollari oltin sotuvi hissasiga to‘g‘ri keldi. 2023 yil yanvar–fevral oylarida jami eksport hajmi 3,2 milliard dollar bo‘lgan. Shundan 1,2 milliard dollari oltin hisobiga to‘g‘ri kelgan. Bu raqam mamlakat ikki oylik umumiy eksportining qariyb 37 foiziga teng.

Yillik raqamlarga qaralsa, 2023 yilda O‘zbekistonning jami eksporti hajmi 24,4 milliard dollarni tashkil etgandi. Shundan 33,4 foizi, ya’ni 8,1 milliard dollari oltin eksporti hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston o‘tgan yili oltin sotish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi. Mamlakat yil davomida qariyb 25 tonnadan ortiq oltin sotgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!