Ochiqcha tovlamachilik

Ochiqcha tovlamachilik

2023 yilning ayni jaziramasi. Shomdan keyin harorat sal pasayadi. Aksariyat odamlar bu vaqtda salqin havodan nafas olgani chiqishadi. Murod esa boshqa niyatda ko‘chaga yo‘l oldi. Chilonzor metro bekati oldida kuymalana-kuymalana, daraxtlar soyasida “Redmi Note 10” uyali telefonida gaplashib turgan Jo‘raboyning oldida o‘ralasha boshladi. U suhbatini tugatishi bilanoq ochiqdan ochiq talonchilik yo‘liga o‘tib, qo‘lidan telefonni tortib oldi. Afandi bog‘da o‘g‘irlik qilib qo‘lga tushgach, nega o‘g‘irlik qilding, deb so‘ragan bog‘ egasiga “nega xotiningga kavush olib bermading”, deganidek, hech narsadan xabari yo‘q odamga “nega menga hurmatsizlik qilding”, deya ikki-uch marta yuziga shapaloq tortdi. Jabrlanuvchining telefonini qaytarish haqidagi so‘rovlariga pul bersa, qaytarishini aytdi. Jo‘raboy yonida pul yo‘qligini aytganda, telefon apparatiga o‘rnatilgan ilova orqali plastik kartasi hisobida 1 317 000 so‘m borligidan xabar topib, pulni o‘tkazib bermasa kimlarnidir, qayerlardadir ko‘rishini sha’ma qilib qo‘rqita boshladi. Kaltak yeb, mayib bo‘lib qolishdan qo‘rqqan Jo‘raboy, dastlab 550 ming so‘m so‘ngra uning tazyiqi ostida yana 70 ming so‘m pul o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Murod qilgan ishidan mamnun holda, telefonni egasining basharasiga irg‘itgancha tun qa’riga sho‘ng‘idi. Jo‘raboy fursatni boy bermay, Chilonzor tumani ichki ishlar idoralariga murojaat qildi.

– Ikki nafar farzandli, yoshi qirqlarga yaqinlashgan Murodning to‘rt marotaba sudlanishiga qaramay, tegishli xulosa chiqarmagani achinarli holdir, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Kamoliddin Narziyev. – Farzandlari, oilasi uchun naqadar uyatli holat. Qolaversa, qo‘ni-qo‘shni, yaqinlaridan ham. Ammo jinoyatga moyil, belini bukmay pul topishni niyat qilgan odamdan nimani kutish mumkin?!

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan ayblangan Murodga to‘rt yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Endi u farzandlari tarbiyasi bilan shug‘ullanish o‘rniga, o‘zini tarbiyalashiga to‘g‘ri keladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!