Sirdaryoda 8 oy davomida 216 ta korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilgan
Sirdaryo viloyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi, korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi raisi Akmaljon Mahmudaliyev hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov ishtirok etdi.
Dastlab Agentlik direktori Ishchi guruh tomonidan viloyatda o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, korrupsiya xavf-xatarlarini keltirib chiqarayotgan masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
Viloyatda 2023 yilda jami 324 ta, 2024 yilning 8 oyida esa 216 ta korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, mahalliy hokimliklar mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilayotgan korrupsiya holatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, 2023 yilda sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlarning 21 tasi (3 nafar hokim, 1 nafar hokim o‘rinbosari va 17 nafar hokimlik xodimlari), joriy yilda sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlarning esa 11 tasi mahalliy hokimliklar (2 nafar hokim, 3 nafar hokim o‘rinbosari, 2 nafar hokimlik xodimlari, 3 nafar obodonlashtirish, 1 nafar yagona buyurtmachi xizmati injinering kompaniyasi) mas’ul mansabdor shaxslari hisobiga to‘g‘ri kelganligi qayd etildi.
Shuningdek, viloyat va tuman-shahar hokimliklari ayrim mansabdor shaxslarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganligi masalasi ham tanqidiy muhokama qilindi.
Yig‘ilishda bu borada qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish, qonunbuzilishlariga yo‘l qo‘ygan mas’ullarning javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish lozimligi qayd etildi.
Muhokamalar yakuni bo‘yicha viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish, bu borada ayniqsa, hududiy kengash faolligini kuchaytirish, uning a’zolari mas’uliyatini oshirish yuzasidan bir qator takliflar ilgari surildi.