Muftiy Namanganda sayyor qabul o‘tkazdi

Muftiy Namanganda sayyor qabul o‘tkazdi

Bugungi kunda xalq bilan muntazam muloqot o‘rnatish, elimiz dardiga quloq tutish, odamlarni rozi qilish barcha darajadagi rahbarlar faoliyatida alohida ustuvorlik kasb etmoqda. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, Musulmon oqsoqollari kengashi a’zosi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarov hazratlari ishtirokida Namanganda bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda ellikka yaqin fuqaroning murojaati ko‘rib chiqildi.

Viloyat markazidagi “Yusufxon o‘g‘li Qosimxon” jome’ masjidida samimiy muloqot ruhida kechgan qabul davomida hamyurtlarimizning diniy sohaga oid murojaatlari, masjidlar, imom-xatiblar va otinoyilar faoliyatiga oid talab-istaklari, oilaviy munosabatlar va shar’iy savollar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalari o‘rganildi.

E’tiborlisi, o‘zaro muloqotda jismoniy imkoniyati cheklangan va ehtiyojmand kishilar diniy sohada ishlash istagini bildirdi. Muftiy hazratlari ularning halol rizq topishga rag‘batidan kelib chiqqan holda, mutasaddilarga mazkur fuqarolarning qobiliyat va imkoniyatlarini hisobga olib, masjidlardagi bo‘sh ish o‘rinlariga xodim sifatida ishga qabul qilish haqida tavsiya berdi.

Shuningdek, Uychi va Norin tumanlarida istiqomat qiluvchi nogironligi bor ikki nafar fuqaroga nogironlik aravachalari taqdim etildi. Ehtiyojmand oilalarga “Vaqf” fondi hisobidan moddiy yordam ko‘rsatildi. Ilm olishga chanqoq tolibi ilmning shartnoma puli to‘lab berildi.

E’tirof etish joiz, sayyor qabulga kelgan fuqarolar Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilayotgan islohotlar, ayniqsa, diniy jabhadagi ijobiy o‘zgarishlardan minnatdo ekanini izhor qilishdi.

– 2018 yilda Toshkent Islom institutini tamomlab, diniy muassasalarda ish faoliyatimni boshlaganman. Xususan, so‘nggi yillarda Namangan tumanidagi “Sayyid Jaloliddin” jome’-masjidida imom noib sifatida ishlab kelayotgandim, – deydi Jobirxon Rahimberdiyev. – O‘tgan yilning sentyabr oyida oilaviy yuzaga kelgan sabablarga ko‘ra o‘z ixtiyorim bilan ishdan bo‘shadim. Salomatligim tiklangach yana o‘z sohamda faoliyatimni davom ettirishga muftiy hazratlaridan ko‘mak berishin so‘radim. Murojaatim nazoratga olingani, tegishli tartibda hal etilishi aytildi, bundan xursandman.

Qayd etish joiz, bunday qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome’-masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!