Maktabda pul yig‘ilishiga qarshi chiqqan samarqandlik ayolni nega ovora qilishyapti?

Maktabda pul yig‘ilishiga qarshi chiqqan samarqandlik ayolni nega ovora qilishyapti?

Samarqand shahrida yashovchi fuqaro Kamola G‘aniyevaning shahridagi 14-umumta’lim maktabida so‘nggi paytlarda ortiqcha pullar yig‘ilayotganligi yuzasidan qilgan murojaati asosida «Daryo» muxbiri Farhod Norbo‘tayev jurnalistik surishtiruv o‘tkazgan edi.

Mazkur maqola e’lon qilinganidan so‘ng 14-umumta’lim maktabi direktori va Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi tomonidan Kamola G‘aniyevaniga nisbatan nohaqlik ayblovlari qo‘yilmoqda. Bu haqda arizachining o‘zi «Daryo»ga ma’lum qildi.

«Qorong‘u, kech tushgan. (soat 18:30 atrofida, muallif) Birinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘lim bilan Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limida o‘tiribman. O‘g‘lim maktabda ovqat yeganmi yemaganmi bilmayman. Ochdan och o‘tiribdi. Uyda yana bitta 5 yoshli farzandim bor. Uni qo‘shnimizning uyiga qoldirib keldim. Ular mening murojaatim va ‘Daryo’ muxbirining jurnalistik surishtiruvidan so‘ng maktabdagi holatni o‘rganish o‘rniga menga bosim o‘tkazmoqda. Men haqiqat tarafdoriman. Ular maktab direktori Muqaddas Shermatova jurnalistga ishlatilgan mablag‘lar qayerga sarflanganligi bo‘yicha kvitansiyani taqdim etgan deyapti. Men esa inkor etdim. Jurnalist arizani o‘rganish jarayonida meni ham chaqirib, arizamda keltirilgan holatlarni o‘rgandi. Kvitansiyalarni va bayonnomalarni so‘raganda taqdim qila olmadi. Jurnalist avvaldan maktab direktoriga barcha suhbatimiz yozib olinayotganligini aytdi. Qolaversa, shahar xalq ta’limi bo‘limidan vakil sifatida Nigora Jabborova ham shu yerda edi. U kishi ham direktor jurnalistga hech qanday kvitansiya taqdim etolmaganligiga guvoh bo‘ldi», – deydi Kamola G‘aniyeva.

Murojaatchining aytishicha, mazkur maqola chiqqanidan so‘ng uni Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limida sarson-sargardon qilishayotgan ekan.

«Shu vaqtda ham chaqiradimi. O‘zi kun bo‘yi meni ishdan qoldirib maktabda rosa ‘razbor’ qilishdi. Yana kechki payt chaqirib bu yerda ‘razbor’ qilayapti. Axir yonimda farzandim bor. Birinchi sinf bolasi ertalab maktabga kelgandan beri haligacha men bilan ko‘chada sarson bo‘lib yuribdi», – deydi Kamola G‘aniyeva.

Maqolada arizani o‘rganish jarayonida 3 noyabr kuni maktabning uchinchi qavatida 9-sinf o‘quvchilari shanbalikka jalb qilinganligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tilgan edi. Bu holatga maktab direktori Muqaddas Shermatova «O‘quvchilar sinfxona rasvo bo‘lganligi uchun o‘zlari tozalagan bo‘lishi mumkin. Ammo maktabda umuman shanbalik qilingani yo‘q», — deya izoh bergandi.

Ma’lum qilishicha, maqoladan so‘ng maktab direktori tomonidan o‘quvchilarning oyna artgani to‘g‘risida holat yuzasidan ulardan tilxat yozdirib olingan.

«Men 14-maktabdagi ortiqcha pul yig‘dilar bo‘yicha Samarqand shahar prokuraturasi va shahar xalq ta’lim bo‘limiga ham murojaat qilganman. Arizamni adolatli o‘rganib chiqish tarafdoriman. Prezidentning talabi, Xalq ta’limi vazirligining sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlab muammoni aytayapman. Ular bo‘lsa o‘zim aybdor qilishmoqda, – deydi Kamola G‘aniyeva.

«Daryo» tahririyati Samarqand shahridagi 14-umumta’lim maktabidagi ortiqcha pul yig‘dilar yuzasidan murojaat qilgan Kamola G‘aniyeva va saytda e’lon qilingan maqola yuzasidan Xalq ta’limi Vazirligining munosabatini kutib qoladi.

Daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!