"Loyihalar fabrikasi"ni rivojlantirish uchun "Dubai future foundation" ko‘mak beradi

"Loyihalar fabrikasi"ni rivojlantirish uchun "Dubai future foundation" ko‘mak beradi

Investisiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari SH.Vafayev, O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investisiya loyihalarini ishlab chiqarish markazi direktori X.Teshabayev, BAA hukumat va kelajak ishlari bo‘yicha vazirligining liderlik va davlat imkoniyatlari Kotibiyati direktori o‘rinbosari Yasira Al Nakbi hamda "Dubai Future Foundation" (BAA) bosh direktori Xalfan Belhoul ishtirokida videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

Amirlik tomoni biznes-inkubatorlarni yaratish bo‘yicha o‘z tajribasini almashdi

Videokonferensiya davomida Amirlik tomoni "Dubai Future Foundation" innovasion, talabga ega bo‘lgan investisiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi faoliyati va imkoniyatlari haqida ma’lumotlar taqdim etdi, shuningdek, biznes-inkubatorlarni yaratish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Yangi yirik investisiya loyihalari ishlab chiqiladi

Muzokaralar yakuni bo‘yicha Markaz va "Dubai Future Foundation" o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Markaz salohiyatini oshirish va Markaz qoshida faoliyat yuritayotgan "Loyihalar fabrikasi" samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Uning asosiy vazifasi yangi yirik investisiya loyihalarini ishlab chiqish hisoblanadi.

Ma’lumot uchun: "Dubai Future Foundation" (DFF) 2016 yilda BAA vise-Prezidenti va bosh vaziri Sheyx Muxammad bin Rashid Al Maktum tomonidan tashkil etilgan. DFF BAA kelajagini rejalashtirish va shakllantirishda asosiy rol o‘ynaydi. DFF Dubayni kelajakning yetakchi shahriga aylantirishga intiladi. DFF eng yetuk ziyolilar va ko‘plab istiqbolli kashfiyotchilar uchun global yo‘nalish sifatida Dubayning pozisiyasini mustahkamlashga yordam beradi. Shuningdek, startaplarni qo‘llab-quvvatlab, butun dunyo bo‘ylab innovasion loyihalarni aniqlash bo‘yicha faoliyat yuritadi.

Bugungi kunda DFF O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan ixtisoslashtirilgan onlayn portal orqali keng aholi uchun bepul masofaviy ta’lim beruvchi "Bir million dasturchi" loyihasi doirasida hamkorlik qilmoqda. Keng qamrovli loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yilning mart oyida BAAga tashrifi chog‘ida erishildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!