Kiyev va Vashington Qora dengiz bo‘yicha ham kelishuvga erishdi

Ukraina va AQSh Qora dengizda navigasiya xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, energetika infratuzilmasiga hujumlarni to‘liq taqiqlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida kelishib oldi. Avvalroq Oq uy Vashington va Moskva o‘rtasidagi shunday kelishuv haqida xabar bergan edi.
Ar-Riyoddagi muzokaralardagi Ukraina delegasiyasi rahbari Rustem Umerov bu haqda X ijtimoiy tarmog‘ida yozgan. “Barcha tomonlar Qora dengizda xavfsiz navigasiyani ta’minlash, kuch ishlatishni to‘xtatish va tijorat kemalaridan harbiy maqsadlarda foydalanishning oldini olishga kelishib oldilar.
Umerovning ta’kidlashicha, Rossiya harbiy kemalarining Qora dengizning sharqiy qismidan tashqariga harakatlanishi bu kelishuv ruhini buzish sifatida baholanadi va Kiyev tomonidan Ukraina milliy xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘riladi.
Bundan tashqari, u tomonlar dengiz va energetika bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun uchinchi davlatlarning jalb etilishini olqishlashini ta’kidladi. Qo‘shma Shtatlar ham mahbuslar almashinuvi va tinch mahbuslarning ozod etilishini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
“Kelishuvlarni samarali amalga oshirish uchun imkon qadar tezroq qo‘shimcha texnik maslahatlashuvlar o‘tkazish, ularni amalga oshirish, monitoring va nazorat qilishning barcha tafsilotlarini kelishib olish muhim ahamiyatga ega”, — deya xulosa qildi vazir.
Eslatib o‘tamiz, 24 mart kuni Ar-Riyodda Rossiya va AQSh vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Undan avval, 23 mart kuni u yerda AQSh va Ukraina delegasiyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. 25 mart kuni Kiyev va Vashington Saudiya Arabistoni poytaxtida muzokaralarning yangi bosqichini o‘tkazdi.