“Men tabiatga nima bera olaman? — o‘zingdan boshlanadigan inqilob”

Dunyoga kelganimizdan beri tabiat bizga hamma narsani berdi: nafas olish uchun havo, yurish uchun yer, ko‘rish uchun go‘zallik. Biz esa unga nima berdik? Plastik shishalar, kesilgan o‘rmonlar, ifloslangan daryolar... Lekin tabiat bilan munosabatlarimiz biryoqlama bo‘lishi shart emas. Zero, vaqt keldi — unga ham nimadir berish vaqti…
Daraxt ekish – kelajakka qoldirilgan sovg‘a…
Daraxtlar hayotimizda muhim rol o‘ynaydi: ular karbonat angidridni biz nafas oluvchi kislorodga aylantiradi, issiq kunda salqinlik hadya etadi, ba’zi daraxtlarning shirin mevalari salomatlik uchun foydalidir. Bundan tashqari, havoni tozalashda ham beqiyos ahamiyatga ega.
Daraxtlar yerning biologik xilma-xilligiga hissa qo‘shadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir daraxt turining yo‘qolishi 30 turdagi hayvonlarning yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, daraxtlarning ildizlari suvni filtrlab, uning sifatini yaxshilaydi va eroziyani oldini oladi.
Har bir ekilgan daraxt bu yerga yozilgan xatga o‘xshaydi: “Kelajak avlodlar, sizlarga ozroq toza havo qoldirib ketayapman!” Aytishlaricha, inson umr bo‘yi kamida bitta daraxt ekishi kerak. Balki, bu raqamni o‘n baravarga ko‘paytirish vaqti kelgandir?
Plastiksiz hayot – yerni asrash yo‘li…
Plastik idishlarni biz bir necha daqiqa ishlatamiz, lekin ularning parchalanishi uchun 400 yil kerak bo‘ladi. Xuddi sayyoraga chizilgan chandiqdek. O‘zimizni, oilamizni va kelajakni asrash uchun plastikdan voz kechish muhim. Bu oddiy tuyulishi mumkin, lekin natijalari global ahamiyat kasb etishi aniq.
O‘rmonlarga sayohat – mehmon emas, mezbon bo‘lish…
Ko‘pchilik tabiatni faqat dam olish joyi deb biladi. O‘rmonlarga, tog‘larga, daryolar bo‘yiga sayohat qilganimizda, ortimizda faqat yaxshi xotiralar qoldirishimiz kerak. Har qanday chiqindini o‘zingiz bilan olib ketish odati tabiatga eng katta hurmatdir.
Elektr va suvni tejash – ko‘rinmas qahramonlik…
Hammomda 10 daqiqa emas, 5 daqiqa qolish. Yaqin atrofdagi keraksiz yongan chiroqlarni o‘chirish. Bularning barchasi kichik qadamlar bo‘lsa ham katta o‘zgarishlarga olib keladi. Qahramon bo‘lish uchun har doim qutqaruvchi kostyum shart emas, ba’zida oddiy odatlar ham dunyoni o‘zgartirishi mumkin.
Hayvonlarga mehr – insoniylik belgisi…
Tashqarida och-nahor yurgan it va mushuklarga ozgina ovqat tashlab ketish — bu nafaqat ularga, balki o‘zimizga ham mehr berishdir. Hayvonlar ham tabiatning bir qismi, va ularni sevish orqali biz tabiatni sevishimizni isbotlaymiz.
Xulosa: Berganing — qoladigan merosing…
Tabiatga beradigan eng katta sovg‘a bu — unga mehr. Bu mehr daraxt ekish bo‘lishi mumkin, plastikni kam ishlatish, hayvonlarni himoya qilish yoki shunchaki osmonni ifloslantirmaslik uchun transport tanlash. Hamma narsa o‘zgaradi, lekin biz qoldirgan izlar abadiy bo‘lishi mumkin.
OʻZDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti
mustaqil izlanuvchisi Nodira Qurbonboyeva
OʻZDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti
Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar yoʻnalishi talabasi Nargiza Bafoyeva