Kardiologlar "iPhone 12" sog‘liq uchun zararli ekanini tasdiqlashdi

Kardiologlar "iPhone 12" sog‘liq uchun zararli ekanini tasdiqlashdi

AQShlik kardiologlar "iPhone 12"ning yurak xastaligi bor bemorlar uchun xavfliligini tasdiqlashdi. Bu haqda "NBC25 News" telekanali xabar bermoqda.
Manbaning aytilishicha, Detroytdagi Genri Ford nomidagi yurak va qon tomir instituti mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda yangi "iPhone 12"larning sog‘liq uchun xavfliligi ma’lum bo‘lgan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, "Apple" smartfonlarida joylashgan magnit implantasiya yo‘li bilan o‘rnatilgan yurak stimulyatori va defibrilatorlarning ishlashiga salbiy ta’sir qiladi.
Eksperiment doirasida doktor Gurjit Singx va uning hamkasblari defibrilator o‘rnatilgan bemorning ko‘kragi ustida "iPhone 12 Pro"ni ushlab turishdi. Natijada jarrohlik yo‘li bilan o‘rnatilgan tibbiy uskunalarning ishlashida muammolar paydo bo‘lgan.
«Telefonni ko‘krakdan olganimizda, defibrilator darhol normal ishlashga qaytdi», deydi doktor Singx.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, ekspertlar guruhi qurilmaning ushbu "qobiliyati"dan hayratda qolishgan.
"Biz "iPhone"dagi magnitni tibbiy asbobga ta’sir eta olmaydigan darajada kuchsiz deb taxmin qilardik", deydi ushbu holatga izoh bergan mutaxassis.
Ushbu tadqiqot yakunida mutaxassislar smartfonlar yurak xastaligi bilan og‘rigan odamlarga zarar yetkazishi mumkin, degan xulosaga kelishdi.
Shu bois shifokorlar yurakda jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan odamlar "iPhone 12" smartfonlarini ko‘ylak yoki paltoning yuqori cho‘ntagida olib yurmaslikni, shuningdek, ularni ko‘krakka qo‘ymaslikni tavsiya qilishdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!