Jurnalistlar Ispaniya suv xo‘jaligi islohotlari bilan tanishadi

Jurnalistlar Ispaniya suv xo‘jaligi islohotlari bilan tanishadi

Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining mamlakatimizdagi filiali tomonidan "O‘zbekistonda suv va atrof-muhit masalalari bo‘yicha xabardorlikni oshirish hamda hamkorlikni rivojlantirish" ( UzWaterAware) loyihasi doirasida bir guruh mutaxassislar, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Ispaniya davlatiga stadi-tur tashkil etildi.

Evropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida 2016 yildan buyon amaliyotga tatbiq etilayotgan ushbu loyiha suv va ekologik muammolar yechimiga qaratilgan targ‘ibot ishlarini amalga oshirib kelmoqda. Bu jarayonda mahalliy hamkorlar bilan suvdan unumli foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha aholi, talabalar va bolalar o‘rtasida turli tadbirlar o‘tkazilgan.

Loyihada OAV vakillari bilan birgalikda ishlash alohida inobatga olingan bo‘lib, mamlakatimiz bo‘ylab va Germaniya davlatiga press-turlar uyushtirildi.

Loyiha bo‘yicha Ispaniya tajribasini o‘rganishga qaratilgan galdagi tanishuv sayyohati ham shu ishlar davomi hisoblanadi. Stadi-tur dasturlari bo‘yicha tadbirlar 24 fevral, dushanba kunidan boshlanadi. Unga ko‘ra, Ispaniyaning Toledo, Kordova, Almeriya, Mursiya shaharlaridagi suvni boshqarish va undan unumli foydalanishda zamonaviy texnologiyalarning amaliyotdagi natijalari bilan yaqindan tanishish nazarda tutilgan.

Ayni chog‘da ishtirokchilarning Madrid shahri bo‘ylab sayohati boshlandi. 

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining mamlakatimizdagi filiali "UzWaterAware" loyihasi ijrosi bo‘yicha uchinchi komponentidir.O‘z navbatida, ular Yevropa Ittifoqining «O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish» dasturining tarkibiy qismi hisoblanadi. Milliy hamkor esa O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligidir.

Nasiba Ziyodullayeva, Ispaniyaning Madrid shahridan.

Manba: uza.uz

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!