Finlyandiya maktabidagi otishma: bir bola halok bo‘ldi, ikki o‘smir yaralandi

Finlyandiya maktabidagi otishma: bir bola halok bo‘ldi, ikki o‘smir yaralandi

Seshanba kuni Finlyandiya poytaxti yaqinidagi maktabda sodir bo‘lgan otishmada bir bola halok bo‘lgan va ikki nafari og‘ir yaralangan. Polisiyaning ma’lum qilishicha, o‘sha bolalarning 12 yoshli sinfdoshi hujumda gumon qilinib, hibsga olingan, deb yozadi Reuters.

Maktab binosi polisiya tomonidan o‘rab olingan. Hibsga olish tinch muhitda, Siltamaki yaqinida, maktabdan uzoqda bo‘lib o‘tgan. Mahalliy polisiyaning ma’lum qilishicha, yonida quroli bor gumon qilingan shaxs hibsga olingan.

Polisiya ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha boshqa gumonlanuvchilar yo‘q. Ular gumonlanuvchi va qurbonlarning shaxsi haqida ma’lumot bermadi. Dastlabki tergov davomida gumonlanuvchi hujumni sodir etganini tan olgan. U qamalish uchun juda yosh bo‘lgani sabab ijtimoiy xizmatlarga yuboriladi.

Polisiya voqea sabablari noma’lumligini aytdi. Ular qurol gumonlanuvchining qarindoshiga tegishli ekanligini aniqladilar. U shaxsiy qurolga tegishli lisenziyaga ega bo‘lgan.

Munisipalitet ma’lumotlariga ko‘ra, otishma Xelsinki chekkasidagi Vantaa shahridagi Viyertola maktabida sodir bo‘lgan, unda birinchi sinfdan to‘qqizinchi sinfgacha 800 ga yaqin o‘quvchi ta’lim oladi va 90 kishi ishlaydi.

Bu Finlyandiyada o‘rin olgan yagona holat emas. 2007 yilda Pekka-Erik Auvinen Xelsinki yaqinidagi Jokela o‘rta maktabida olti o‘quvchini, maktab hamshirasini, direktorni va o‘zini otib o‘ldirgan.

Bir yil o‘tib, 2008 yilda yana bir talaba Matti Saari Finlyandiya shimoli-g‘arbidagi Kauxayoki shahridagi kasb-hunar maktabida odamlarga qarata o‘t ochdi. U o‘zini otishdan oldin to‘qqiz nafar talaba va bir erkak xodimni o‘ldirgan.

Ov va nishonga otish bilan mashhur bo‘lgan 5,6 million aholisi bor mamlakatda 1,5 milliondan ortiq lisenziyalangan o‘qotar qurollar va 430 mingga yaqin lisenziya egalari yashaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!