Farg‘onada xitoy paxta terish mashinalari yig‘iladi

Farg‘onada xitoy paxta terish mashinalari yig‘iladi

Farg‘onada Xitoyning “Shandong Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co. Ltd” kompaniyasi tomonidan amalga oshirishga kirishilayotgan paxta terish mashinalarini yig‘ish, texnikalarga servis xizmati ko‘rsatish markazi hamda mexanizatorlar uchun o‘quv markazi tashkil etish loyihasiga start berildi. Unda kompaniya boshqaruvi vakillari, tumanlar hokimlari, viloyat hamda qo‘shni vodiy viloyatlari klasterlari rahbarlari, fermerlar ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekiston-Xitoy davlatlarining o‘zaro manfaatli hamkorligi hududlararo investisiyalar jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Hozirgi kunda Farg‘ona viloyatida Xitoy Xalq Respublikasi kapitali ishtirokida 157 ta korxona faoliyat olib bormoqda.

O‘tgan yilda hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarda 537,6 million dollar xorijiy investisiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, shundan 318,5 ming dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar hisobiga to‘g‘ri keldi. 2024-2026 yillarda Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 2 milliard 471,5 million dollarlik 31 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Viloyat hokimi boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegasiyasi joriy yil yanvar oyida Xitoyga amaliy tashrifi davomida Xitoyning paxta terish mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik kompaniyalarida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari hamda texnikalar sifati bilan joyida tanishgandi.

Ushbu o‘rganishlar natijasida 1946 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelayotgan hamda dunyoning 30 dan ortiq davlatiga o‘z texnikalarini eksport qilib kelayotgan “Shandong Swan Cotton Industrial Machinery” kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatishga kelishildi.

Davlatimiz rahbarining respublikada paxta yig‘im-terimida qo‘l mehnati ulushini kamaytirish, terimni mexanizasiyalashgan shaklda tashkil qilish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi doirasida amalga oshiriladigan ushbu loyiha paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda fermerlarga zamonaviy hamda sifatli, maqbul narxdagi paxta terim mashinalarini sotib olishga qulaylik yaratadi. Farg‘ona shahridagi sobiq Mexanika zavodi hududiga joylashtiriladigan ushbu ob’ekt texnikalarga servis xizmati ko‘rsatish markazi hamda mexanizatorlar uchun o‘quv markazini ham o‘z ichiga oladi.

Ushbu paxta terish mashinalarini 20 foizlik dastlabki to‘lov bilan 10 yil muddatga lizing asosida xarid qilish imkoniyati mavjudligi, bunda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklariga 15 foizlik subsidiya berilishi ta’kidlandi.

Viloyat hokimligida “Shandong Swan Cotton Industrial Machinery” kompaniyasi direktori o‘rinbosari Li Zyantayao boshchiligidagi guruh bilan o‘tkazilgan muloqotda ushbu kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan g‘alla o‘rish kombaynlarini ham joriy yilgi o‘rim mavsumida sinovdan o‘tkazishga kelishib olindi.

Loyihaga kirishish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Nodir Otajonov ishtirok etdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!