Energetika vaziri «Texnopark» gaz hisoblagichlarining portlayotgani haqida: «Bu atayin qilingan» (VIDEO)

Energetika vaziri «Texnopark» gaz hisoblagichlarining portlayotgani haqida: «Bu atayin qilingan» (VIDEO)

Energetika vaziri Alisher Sultonov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida butun mamlakat bo‘ylab elektron gaz hisoblagichlarni o‘rnatish bo‘yicha tenderda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan «Texnopark» MCHJ mavzusiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu borada ochiq tender o‘tkazilgan bo‘lib, unda bir nechta kompaniya ishtirok etgan. «Texnopark» kompaniyasi unda g‘olib bo‘lgan.

«Gazeta.uz»ning Davlat xizmatlari markazining ochiq ma’lumotlariga tayanib yozishicha, «Texnopark» kompaniyasi 2018 yilning 10 iyunida ro‘yxatdan o‘tgan. Faoliyati — elektrmaishiy qurilmalarni ishlab chiqarish. Ustav fondi 10,1 milliard so‘m bo‘lgan kompaniyaning yagona ta’sischisi Toshkent hokimligi hisoblanadi. «Texnopark» rahbari Sarvar Ahadov. Korporativ axborot yagona portaliga ko‘ra, Ahadov bunga qadar Artel kondisionerlari ishlab chiqarilgan Dream Production korxonasini boshqargan. Dream Production ta’sischisi esa Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Internetda ushbu hisoblagichlarning ishdan chiqishi keng muhokamalarga sabab bo‘lgani to‘g‘risidagi savolga vazir bularning barchasi yomon niyatli odamlar tomonidan uyushtirilganini ma’lum qilgan.

«Bu ataylab amalga oshirilgan. Biz tekshiruv o‘tkazdik va buni aniqladik. Ushbu ‘og‘aynilar’ biz bilan qanchalik kurashmasin, baribir hisoblagichlarni o‘rnatamiz va odamlarni iste’mol qilgan narsasi uchun pul to‘lashga majbur qilamiz. Tartib o‘rnatamiz va o‘g‘riliklarga barham beramiz», — deydi vazir.

Shuningdek, vazir tabiiy gazning butun respublika miqyosida o‘g‘irlash holatlari juda ko‘p uchrashi, shu sababli kuz—qish mavsumida oddiy iste’molchilarga uning yetib bormasligini ta’kidlagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!