Endi suyultirilgan gaz yetkazib berishda monopoliya bekor qilinadi

Endi suyultirilgan gaz yetkazib berishda monopoliya bekor qilinadi

O‘zbekistonda iste’molchilarga tabiiy gaz (past bosimli tarmoqlar) va suyultirilgan gaz yetkazib berishda monopoliya bekor qilinadi.

“O‘zbekiston–2030” strategiyasining barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘nalishi bo‘yicha 2024 yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Unda iste’molchilarga tabiiy gaz (past bosimli tarmoqlar) va suyultirilgan gaz yetkazib berishda monopoliyani bekor qilish, xususiy sektorni jalb qilish, energiya resurslarining bozor tamoyillarini joriy etish va resurslarning hisob-kitobini aniq yuritishni yo‘lga qo‘yish belgilangan.

2024 yil aprelga qadar tabiiy va suyultirilgan gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy sektorga o‘tkazish tartibi (nizom) ishlab chiqilib, belgilangan tartibda tasdiqlanishi lozim.

Ishlab chiqilgan tartib asosida tabiiy gaz taqsimoti tizimi 2024—2025 yillarda xususiy sektorga o‘tkaziladigan “pilot” hududlar aniqlanadi.

Ushbu hududlardagi tizimni xususiy sektorga o‘tkazish yuzasidan salohiyatli kompaniyalar bilan o‘tkaziladigan muzokaralar natijasi bo‘yicha aniq shartlar asosida taqsimlash tarmoqlari xususiy sektorga o‘tkaziladi.

Shuningdek, 2024 yil davomida Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftegaz” quyidagi geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirishi lozim:

  • 95 ta ishlatish quduqlarini burg‘ilash;
  • 81 ta quduqlarda murakkab turdagi kapital ta’mirlash ishlarini olib borish hisobiga ishlab chiqarishga qaytarish;
  • 42 ta texnologik tadbirlarni amalga oshirish.

Bajarilgan ishlar evaziga 29,3 milliard kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish rejalashtirilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!