Emlash jarayoni nega kechikishiga izoh berildi

Emlash jarayoni nega kechikishiga izoh berildi

O‘zbekistonda aholini ommaviy emlash 1 apreldan boshlanishi ma’lum qilindi. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov emlash jarayonining kechikishi bilan bog‘liq sabablarga oydinlik kiritdi.

O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi vaksina bilan emlash jarayoni mart oyida boshlanishi haqida xabarlar berilgan edi. 17 mart kuni 660 ming doza miqdorida AstraZeneca vaksinasi olib kelingan bo‘lsa-da, vaksinasiya ishlari 1 apreldan boshlanishi aytilmoqda

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekovning ma’lum qilishicha, keltirilgan vaksinalar 20 martga qadar viloyatlardagi emlash punktlariga yetkazilgan. Ular Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi maxsus omborxonalarda sovuqlik zanjiriga amal qilingan holda saqlanmoqda.

«Emlashning nega shu kunlarda boshlanmaganiga to‘xtalsak, ma’lumki, 20-21-22 mart kunlari Navro‘z bayrami munosabati bilan respublika aholisi uchun dam olish kunlari e’lon qilindi. Shu jumladan, tibbiyot xodimlari ham shu kunlarda dam olishdi.

Emlashni viloyat markazlari va katta shaharlardan boshlashga qaror qilganmiz. Chunki vaksinalarimiz hali yetarli miqdorda emas. 660 ming doza bilan bor-yo‘g‘i 330 ming nafar aholini emlash mumkin. 

Balki bu 1 aprelmas, 5 apreldan boshlanishi ham mumkin. Lekin bu kechikish vaksinalar sifati yoki tibbiyot xodimlari tayyorgarligi bilan bog‘liq emas. Bu bilan bog‘liq muammo yo‘q. Vaksinalarni olib kelish, saqlash, emlash ishlariga uch oydan beri tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Hattoki bu jarayonda hosil bo‘ladigan tibbiy chiqindilarni o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilish bo‘yicha ham alohida ko‘rsatmalar berilgan», dedi u.

O‘zbekistonda birinchi navbatda emlanadigan aholi ro‘yxatini elektron tarzda shakllantirish ishlari boshlangani ma’lum qilingan edi. Shtab a’zosining xabar berishicha, ayni paytda bu ishlar yakunlanmoqda. Bular havf osti guruhiga kiruvchi: 65 yoshdan oshgan aholi vakillari, tibbiyot xodimlari, surunkali kasallikka chalinganlar, maktabgacha ta’lim va ta’lim muassasasi xodimlari, huquqni himoya qilish organlari xodimlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, xorijda tahsil olayotgan talabalar va mehnat migrantlari hisoblanadi. Ularning umumiy soni 4 milliondan oshadi.

«Emlash jarayonida isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, vaksinalarni uvol qilmaslik, ularning qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun judayam uyushgan holda amalga oshirish zarur. Shuning uchun barcha ishlarni to‘liq ko‘zdan kechirish, barchasini qayta tekshirish muddat talab qiladi. Ammo albatta yaqin kunlarda emlash ishlari amalga oshiriladi. Avvalo xavf osti guruhiga kiruvchilar, keyin keng jamoatchilik vakillari emlanadi. Buning uchun to‘liq algoritm ishlab chiqilgan va shu asosda ishlar amalga oshiriladi», dedi N.Otabekov.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!