Andijonda bemorlarga nima uchun psixotrop dori berilayotgani tushuntirildi

Andijonda bemorlarga nima uchun psixotrop dori berilayotgani tushuntirildi

“Dori-Darmon" aksiyadorlik kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, “Siklodol” dori vositasi resept asosida ma’lum miqdordagina berilayotgani haqidagi Andijon viloyatidan bo‘lgan murojaat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi:

“Siklodol” (Xalkaro patentlanmagan nomi: “Trigeksifenidil”) parkinsonizm kasalligi bilan kasallangan bemorlarga buyuriladi.

"Dori-Darmon" aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi "O‘zbekiston dori ta’minoti" MCHJ kompaniya tizimidagi jamiyatlarni resept asosida beriladigan dori vositalari bilan ta’minlaydi. "O‘zbekiston Dori ta’minoti" MCHJ omborxonasida “Siklodol Grindeks 2mg tab №50” (Latviya "GRINDEKS" AJ) dori vositasi mavjud. "Andijon Dori-Darmon" AJ hozirda bemorlarga yetkazish choralarini ko‘rayapti.

Shuningdek, ayni kunlarda "Siklodol Grindeks 2mg tab №50" dori vositasining yangi partiyasi kompaniya bojxona omboriga keltirilgan, sertifikatsiyadan o‘tkazish ishlari amalga oshirilayapti.

Parkinsonizm kasalligini davolashda qo‘llaniladigan bu dori vositasi yurtimizga asosan import asosida olib kelinadi, shuningdek mahalliy ishlab chiqaruvchi “Neogalenpharm" MCHJ tomonidan “Trigeksifenidil 5mg №50” nomi bilan ishlab chiqariladi.

Ma’lumot uchun: “Siklodol” ( Trigeksifenidil) psixotrop dori vositasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibi to‘g‘risida"gi qarori bilan tasdiqlangan 3 ro‘yxat, ya’ni O‘zbekiston respublikasida muomalasi cheklangan psixotrop dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan. Mazkur dori vositasi faqatgina psixotrop dori vositalarining muomalasiga lisenziyasi mavjud dorixonalar orqali realizasiya qilinadi.

Yurtdoshlarimiz lisenziyasi mavjud bo‘lgan boshqa dorixonalardan ham resept asosida beriladigan dori vositalarini olishlari mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!