8 sotixli hovlini sotdik, “baza”da esa 16 sotix bo‘lib ko‘rinyapti. Shunday bo‘lishi mumkinmi?

8 sotixli hovlini sotdik, “baza”da esa 16 sotix bo‘lib ko‘rinyapti. Shunday bo‘lishi mumkinmi?

— Bobomdan keyin 8 sotixli hovli dadamga o‘tgan. Yaqinda shu hovlini sotdik. Uyning yangi egalari kadastrga borishganda, “baza”da hovli 16 sotix deb ko‘rsatilgan ekan. Shunday bo‘lishi mumkinmi? Sotib olgan odamlar qolgan 8 sotixni so‘rashyapti, lekin bizni bundan xabarimiz yo‘q. Tekshirtirish uchun qayerga murojaat qilish mumkin?

Ismi sir tutildi.

Savolga fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi Jasur Mamayusupov javob berdi:

— Fuqarolik kodeksining 164-moddasiga ko‘ra, mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir.

Sizning holatingizda dastlab yakka tartibda uy-joy qurishi uchun bobongizning nomiga 16 sotix yer maydoni ajratilgan bo‘lishi mumkin. Bobongiz o‘zining mulkdorlik huquqidan foydalanib yer maydonini bir qismini kimgadir sotgan yoki boshqacha tarzda tasarruf etgan bo‘lishi mumkin. Bir qismini esa o‘zida qoldirgan.

Shu tarzda taraflar o‘zaro kelishuvga ko‘ra amalda yer maydoni chegaralarini belgilashgan. Ammo, yuridik hujjat bo‘yicha yer maydoni bo‘linmasdan qolgan.

Fuqarolik kodeksining 223-moddasiga ko‘ra, ulushli mulkdagi mol-mulk ishtirokchilar o‘rtasida ularning kelishuviga muvofiq taqsimlanishi mumkin. Ulushli mulk ishtirokchisi o‘z ulushini umumiy mol-mulkdan ajratib berishni talab qilishga haqli.

Ulushli mulk ishtirokchilari umumiy mol-mulkni taqsimlash yoki ulardan birining ulushini ajratish usuli va shartlari to‘g‘risida kelishuvga erisha olmasalar, ulushli mulk ishtirokchisi o‘z ulushini asl holida ajratib berishni sud orqali talab qilishga haqli.

Shu boisdan yangi mulkdor o‘zaro kelishuvga ko‘ra u bilan umumiy yer madonida bo‘lgan mulkdor bilan yer uchastkasini bo‘lib olishi mumkin.

Agarda tomonlar ixtiyoriga ko‘ra yer maydonini bo‘lish imkoni bo‘lmasa, u holda bunday huquq sud tartibida amalga oshirilishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!