30 yil ichidagi eng yirik namoyish: Kubada aholi koronavirusga qarshi vaksina talab qildi

30 yil ichidagi eng yirik namoyish: Kubada aholi koronavirusga qarshi vaksina talab qildi

11 iyul kuni Kubaning Gavana va boshqa shaharlarida bir necha minglab aholi kommunistik hukumatga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlariga chiqdi. Bu haqda BBC News xabar bermoqda. Ushbu namoyishlar qariyb 30 yil ichidagi eng yirigi deb baholanmoqda.

Aksiya ishtirokchilari erkinlik, demokratiya hamda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun aholini vaksinalar bilan ta’minlashni talab qildi. Namoyishchilar «Erkinlik!», «Yo‘qolsin kommunizm!» va «Biz qo‘rqmaymiz!» kabi shiorlarni baralla aytgan.

Gavanaga qurolli xavfsizlik kuchlari joylashtirildi, mushtlashuvlar va hibsga olishlar haqida xabarlar kelib tushdi.

Gavanadan 30 km janubda joylashgan San-Antpnio-de-los-Banyosda namoyishchilardan birining ma’lum qilishicha, odamlar «elektr ta’minoti va yeguliklar bilan bog‘liq vaziyat»dan norozi. «Energetika bilan bog‘liq holat bu yerda qandaydir reaksiyani keltirib chiqargan ko‘rinadi», — deya e’tirof etdi Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel norozilikni qo‘zg‘ashda «Kuba—Amerika mafiyasi»ni ayblar ekan.

Shuningdek, Kuba rahbari hukumat tarafdorlarini ko‘chalarga chiqib, provokasiyalarga qarshi turishga chaqirdi. «Biz Amerika imperiyasiga sotilgan aksilinqilobiy yollanma shaxslarning hech biriga beqarorlikni keltirib chiqarishga yo‘l qo‘ymaymiz. Bunga inqilobiy javob bo‘ladi. Mana shuning uchun biz barcha kommunistlarni bunday provokasiyalar yuz beradigan ko‘chalarga chiqib, ularga qat’iy qarshilik ko‘rsatishga chaqiramiz», — dedi prezident davlat televideniyesi efirida.

Ayni paytda Vashington Kubada so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlab, tinch namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlikni qoralashini bildirdi. «AQSh butun Kubada so‘z va yig‘ilish erkinligini qo‘llab-quvvatlaydi hamda o‘z bazaviy huquqlarini amalga oshirayotgan tinch namoyishchilarga qarshi har qanday zo‘ravonlik yoki hujumlarni qat’iyan qoralaydi», — deb yozdi AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan o‘z Twitter’ida.

Ta’kidlanishicha, kubaliklar so‘nggi marta 1994 yilda namoyishlarga chiqqan, o‘shanda ular Fidel Kastroning siyosatidan norozi bo‘lgan edi. O‘shanda namoyishlar faqat Gavanada bo‘lib o‘tgan va tezda bostirilgan. Shundan keyin Kuba hukumati suv chegaralarini nazorat qilishdan bosh tortgan, keyingi yillarda yuz minglab kubaliklar qayiqlarda mamlakatni tark etgan; ularning ko‘pchiligi AQShga yo‘l olgan.

Pandemiya va chegaralarning yopilishi ortidan Kubada iqtisodiy inqiroz kuchaydi. Bundan tashqari, koronavirusning birinchi va ikkinchi to‘lqinlari nisbatan yumshoq kechgan Kubada iyul boshidan buyon COVID-19’ning keskin avj olishi kuzatilmoqda. 11 iyul kuni mamlakatda kunlik kasallanish holatlari bo‘yicha rekord qayd etildi: qariyb 7 ming kishi virusga chalindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!