2017 - 2023 yillarda O‘zbekistondagi jami korxona va tashkilotlar soni 1,7 marotaba ko‘paygan

2017 - 2023 yillarda O‘zbekistondagi jami korxona va tashkilotlar soni 1,7 marotaba ko‘paygan

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2017-2023 yillarda O‘zbekistonda faoliyat yuritgan korxona va tashkilotlar bilan bog‘liq demografik holatning o‘zgarishini tahlil qildi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bu tadbirkorlik sub’ektlari sonini oshirish orqali aholi bandligini ta’minlash va turmush farovonligini oshirishdir. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda mamlakatimizdagi jami korxona va tashkilotlar soni (fermer va dehqon xo‘jaliklarisiz) 485,0 mingtani tashkil etgan. Bu 2017-yildagiga nisbatan 1,7 marotaba ko‘p demakdir.

Tadbirkorlik sub’ektlari sonining eng yuqori o‘sish sur’ati Navoiy (2,3 marotaba), Samarqand (2,1 marotaba), Buxoro va Xorazm viloyatlari (2,0 marotaba) da kuzatildi.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tahlil savdo-sotiq (2,5 marotaba), qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklari (1,8 marotaba), sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar (1,9 marotaba) hamda yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar (1,7 marotaba) kabi tarmoqlarda korxonalar soni oshganligini ko‘rsatdi.

Sanoatning iqtisodiy o‘sish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rnini e’tiborga olgan holda, korxonalar sonining (1,4 marotaba) ortishi va ulushi 14,3 foizga yetganligini ijobiy holat sifatida ta’kidlash lozim. Shuningdek, axborot texnologiyalari (1,6 marotaba) sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi korxonalar sonining o‘sishi iqtisodiyotda ro‘y berayotgan ijobiy tarkibiy o‘zgarishlardan dalolat beradi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 56-maqsadida iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish belgilangan bo‘lib, nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish, davlat ulushi mavjud 2,3 mingta korxonalar sonini 6 barobarga kamaytirish ko‘zda tutilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!