“Yashil makon” loyihasi va obodonchilik bo‘yicha vazifalar belgilandi

“Yashil makon” loyihasi va obodonchilik bo‘yicha vazifalar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29 mart kuni “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlar hamda chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Bu yil bahorda “Yashil makon” loyihasi doirasida 125 million tup ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan. Hududlarda bog‘lar yaratish, yo‘l bo‘ylarida 10 qatordan daraxtlar ekish bo‘yicha ishlar boshlangan. Bu Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Lekin aksariyat viloyat va tumanlarda daraxt ekadigan joylar haligacha belgilanmagan, sug‘orish va ko‘chatga pul ajratilmagan.

Shu bois kecha Vazirlar Mahkamasida bu masala tanqidiy ko‘rib chiqilib, viloyat hokimlarining sohaga mas’ul o‘rinbosarlari, tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, tizim tashkilotlari rahbarlaridan 28 nafariga intizomiy jazo qo‘llangani qayd etildi.

Bu boradagi ishlar ko‘lami vazirliklar kesimida ham turlicha. Masalan, Mudofaa vazirligi 100 gektar, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi 65 gektardan bog‘ yaratgan. Lekin energetika va transport vazirliklariga ajratilgan yerlarda ko‘chat to‘liq ekilmagan. Avtomobil va temir yo‘l bo‘ylari, daryo va kanal yoqalari, sanoat korxonalari va yoqilg‘i quyish shoxobchalari atrofida ham qancha joylar bo‘sh yotibdi.

Umuman, daraxt ekishni ommalashtirish bo‘yicha tashabbus va targ‘ibot yetishmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada davlat tashkilotlari bilan birga mahalliy kengashlar, Ekopartiya va boshqa uyushmalar, mahallalar – hamma birdam bo‘lib harakat qilsa, juda ko‘p bog‘lar yaratilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda “Yashil makon” loyihasi doirasidagi galdagi vazifalar, yangi tashabbuslar muhokama qilindi.

Yurtimizda daraxt ekib, yashillik yaratishni xohlovchilar ko‘p. Lekin ko‘p qavatli uyda yashaydigan odamlarda yer yo‘q. Bu borada Janubiy Koreya tajribasi asosida Toshkent viloyatida yaxshi tashabbus boshlangan. Unga ko‘ra, tumanlar hududidan yer ajratilib, 30 yil muddatga obodonlashtirish boshqarmalariga beriladi. Mahalliy byudjet hisobidan tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinib, yer tayyor holga keltirilib, daraxt ekish istagi bor aholiga taklif etiladi. Har bir ko‘chat uni ekkan odam nomiga tamg‘alanadi. Daraxtlarni parvarishlash uchun obodonlashtirish boshqarmasi xodimi biriktiriladi.

Davlatimiz rahbari bu tajribani barcha viloyatlarda amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Mamlakatimizda 9 ming 452 ta mahalla bor. Jumladan, shaharlarda 39 mingta ko‘p qavatli uy mavjud. Mahalla faollari, boshqaruv servis kompaniyalari ushbu hududlarda ko‘chatlar ekilishiga bosh-qosh bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Yo‘llar va kanallar bo‘yidagi yerlarni talabgorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida 10 yilga berib, 5 qatordan ko‘chat ektirish tizimi joriy qilingan. Bundan foydalanib, hozirgi mavsumda ham ko‘plab daraxtzorlarga zamin yaratish mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!