Yaponiyada stajirovka o‘tash kvotasi oshirildi

Yaponiyada stajirovka o‘tash kvotasi oshirildi

Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti vakillari mamlakatimizga tashrif buyurib, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan bank sohasi mutaxassislari bilan bir necha uchrashuv o‘tkazdi.

Bank-moliya akademiyasida tashkil etilgan muloqotda kun chiqar yurtda stajirovka o‘tash uchun belgilangan kvota 10 taga yetkazilgani ma’lum qilindi.

Yaponiya tomoni mazkur grant loyihasida akademiya tinglovchilari salohiyatidan kelib chiqib qabul qilgan bu qaror e’tirofga loyiq.

Qayd etilishicha, hamkorlikdagi “Markaziy Osiyo va Kavkaz” nomli an’anaviy yozgi maktab orqali 250 nafarga yaqin o‘zbekistonlik mutaxassis yapon hukumati to‘liq granti asosida kun chiqar yurtda yangi bilim, ilg‘or tajriba o‘zlashtirdi.

Uchrashuvda hamkorlikning bugungi holati tahlil qilinib, kelajakda aloqani yanada chuqurlashtirishga doir muhim masalalar muhokama qilindi. Ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish orqali hukumatga ilmiy asoslangan takliflar kiritish, o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, adabiyot fondini kengaytirish kabi dolzarb vazifalar bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.

Delegasiya tashrifi davomida Iqtisodiyot va moliya vazirligi va “O‘zmilliybank” AJ bilan birga bank-moliya sektori uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ko‘p tomonlama aloqani yo‘lga qo‘yish taklifi o‘rganildi. Erishilgan kelishuvlar samarasi o‘laroq, qo‘shma seminar tashkil etildi.

– Asosiy maqsadimiz seminarni muvaffaqiyatli o‘tkazish, – dedi Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti ijrochi vise-prezidenti Kosuke Suzuki. – Koronavirus sabab bir necha yil uchrasha olmadik, faqat o‘tgan yil yuzma-yuz anjuman o‘tkazdik. Bu pandemiyadan keyingi ikkinchi tashrifimiz.

Tadbirda Markaziy bank To‘lov va hisob-kitob tizimi departamenti direktori Kazutoshi Sugimura “Yaponiya Markaziy bankining raqamli pul va moliyaviy texnologiyaga yondashuvi” mavzusida taqdimot namoyish qildi. Xorijlik iqtisodchi olim va ekspertlar tomonidan “Yuqori davlat qarzi va egizak defisitga qarshi kurash strategiyasi” hamda “Pandemiyadan keyingi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasi” mavzulari tahlil etildi.

Hamkorlik ramzi sifatida Bank-moliya akademiyasi hamda Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti vakillari tomonidan ta’lim dargohi hududiga 10 tup lola daraxti ko‘chati o‘tqazildi.

– Mazkur seminar O‘zbekiston bilan do‘stligimizni yanada mustahkamlaydi, – deydi janob Suzuki. – Safarimiz davomida qator muassasa va idoralarga ham tashrif buyurdik. Akademiya rahbariyati, moliya vaziri va vazir o‘rinbosari bilan suhbatlashdik. Milliy bankda ham bo‘ldik. Bir so‘z bilan aytganda juda samarali tadbirlar, munozaralar tashkil etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!