O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqi e’tirof etilishi mumkin

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqi e’tirof etilishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, 2018 yilda Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq o‘tkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida 621 ming nafardan ortiq fuqaroning o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida tegishli ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylarga nisbatan egalik huquqi e’tirof etilib, ularga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan edi. Shunga qaramasdan, bugungi kunga qadar 126 mingdan ortiq fuqaroning ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylarga nisbatan egalikni belgilash masalasi qonuniy yechimini kutmoqda.

Bundan tashqari, ko‘plab holatlarda fuqarolarning bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylarga hamda kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik sub’ektlarining bino va inshootlariga nisbatan egalik huquqi mavjud emas.

Shundan kelib chiqib, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorisiz o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida qurilgan uy-joylar, boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk ob’ektlariga nisbatan huquqni e’tirof etish asoslari va uning aniq tartibini belgilash zarurati mavjud.

Qonun loyihasi bilan yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga bo‘lgan huquqni, shuningdek, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etish tartibi belgilanmoqda.

Shuningdek, ortiqcha egallangan yer uchastkasiga, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar egallagan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etish asoslari nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, ijara huquqi e’tirof etilgan yer uchastkasining yer fondi toifasini o‘zgartirish, ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ijara huquqi e’tirof etilgan yer uchastkasini xususiylashtirish tartiblari o‘z aksini topmoqda.

Ahamiyatlisi, loyihada o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlar e’tirof etilgan taqdirda, yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar ma’muriy javobgarlikdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!