O‘zbekistonda qancha birja bozori faoliyat yuritadi?

O‘zbekistonda qancha birja bozori faoliyat yuritadi?

O‘zRVBda to‘rtta birja bozori faoliyat yuritadi: valyuta, pul, davlat qimmatli qog‘ozlari va derivativlar bozorlari. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston Respublika valyuta birjasi axborot xizmati rahbari Gulshan Asanova ma’lum qildi.

2023 yil O‘zRVB uchun jadal rivojlanish va muhim yutuqlar yili bo‘ldi. Keling, ularni birma-bir ko‘rib chiqamiz.

Bugungi kunda O‘zRVBda to‘rtta birja bozori faoliyat yuritadi. Bular: valyuta, pul, davlat qimmatli qog‘ozlari va derivativlar bozorlaridir.

Hozirgi kunda O‘zRVB a’zolari 35 ta tijorat banki va 6 ta brokerlik kompaniyasidan iborat.

Bugungi kunda O‘zRVB infrastrukturasi savdo platformalari, hisob-kitob kliring va depozitar tizimlarini qamrab olgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-291-sonli “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zRVB ta’sischiligida “Milliy kliring markazi” AJ tashkil etilishi hisobiga birja infratuzilmasi yanada kengaydi.

Bundan tashqari, O‘zRVB depozitar tizimida chet el nominal saqlovchilarning hisobvaraqlari, shaxsiy hisobvaraqlar va omnibus-hisobvaraqlarini ochish uchun sharoitlar yaratilgan. Bu bilan davlat qimmatli qog‘ozlari savdolarida, shu jumladan REPO operasiyalarida chet el nominal saqlovchilarning ishtirok etishi imkoniyati ta’minlanadi.

2023 yilda O‘zRVB savdolarining umumiy hajmi 2022 yilga nisbatan qariyb 42 foizga oshib, 999,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu tahminan 81 milliard AQSh dollariga teng bo‘lib, birja tarixidagi rekord ko‘rsatkich bo‘ldi.

O‘zRVB bozorlarining umumiy savdo hajmidagi ulushi quyidagicha:

➡️ pul bozori – 48,31%

➡️ valyuta bozori - 45,83%

➡️ qarz bozori – 5,86% ni tashkil qiladi.

Yuqoridagi o‘sish bir qator omillar hisobiga ta’minlandi, masalan:

davlat obligasiyalari bozoriga qaraydigan bo‘lsak:

xorijiy investorlar, shu jumladan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, ICBC va shu kabi yirik investorlar davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzishni boshladi;

qimmatli qog‘ozlar bozorida birlamchi dilerlar faoliyati joriy etildi. Ular bir vaqtning o‘zida market-meyker sifatida ham faoliyat yuritib, ikkilamchi bozor likvidligini ta’minlaydi;

O‘zRVBda inflyasiyaga bog‘langan va infratuzilmani rivojlantirish uchun maqsadli moliyalashtirish bo‘yicha muomala muddati 10 yil bo‘lgan uzoq muddatli davlat qimmatli qog‘ozlarining savdosi tashkil etildi;

Davlat obligasiyalari birlamchi savdolari natijalari bo‘yicha hisob-kitoblar T+0, T+1 va T+2 rejimida amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratildi.

REPO bozori bo‘yicha gapiradigan bo‘lsam:

Markaziy Bank REPO auksionlarini o‘tkazishda bozor narxini qo‘llash va diskont amaliyoti joriy etildi. Shu bilan birga dilerlararo REPO operasiyalari uchun ham bozor narxini qo‘llash imkoniyati yaratildi;

banklararo pul va REPO bozorlarida operasiyalarni o‘tkazish vaqti uzaytirildi. Ya’ni, bank to‘lov kuni yopilgandan so‘ng, qo‘shimcha ravishda yana 30 daqiqa ichida savdo qilish mumkin bo‘ldi;

Markaziy bank boshqaruvi qaroriga muvofiq, pul bozoridagi operasiyalari, shu jumladan, REPO va kredit operasiyalari bo‘yicha garov ta’minoti uchun 5% diskont amaliyoti joriy etildi;

REPO operasiyalari bo‘yicha “one click” tizimi ishga tushirilib, natijada ushbu bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar vaqti optimallashtirildi;

Derivativlar bozorida muddati bir, ikki, uch, olti, 9 va 12 oy bo‘lgan fyuchers shartnomalari savdosi tashkil etildi. Bunda bazaviy aktiv bo‘lib AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi hisoblanadi.

2024 yilda O‘zRVBning rejalari quyidagilardan iborat:

  • birja infratuzilmasini rivojlantirish;
  • xorijiy investorlarni jalb qilish uchun sharoitlarni yanada takomillashtirish;
  • sug‘urta kompaniyalari, pensiya jamg‘armalari va boshqa yirik korporativ yuridik shaxslar orqali DQQ bozorining ishtirokchilari sonini oshirish;
  • jozibador moliyaviy instrumentlarni joriy qilish orqali savdo instrumentlar qatorini yanada kengaytirish.

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!