O‘zbekiston superligasi: “Qizilqum” va “Metallurg”da g‘alaba

O‘zbekiston superligasi: “Qizilqum” va “Metallurg”da g‘alaba
Bugun mamlakatimizning ikki stadionida O‘zbekiston superligasining 2-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Navoiyda mahalliy Qizilqum jamoasi AGMK klubini qabul qildi. Olmaliqliklar mavsum oralig‘ida o‘z tarkibini sezilarli ravishda kuchaytirishga harakat qildi va o‘z safiga ko‘plab mahoratli futbolchilarni qo‘shib oldi. Qolaversa, jamoa bosh murabbiyi lavozimiga tajribali mutaxassis Mirjalol Qosimov jalb etildi.
Biroq, yaxshi jamoani shakllantirish uchun 2-3 oy kamlik qilishini bugungi o‘yin ham ko‘rsatib berdi. Garchi butun uchrashuv davomida AGMK jamoasi tashabbusni o‘z qo‘lida ushlab turgan bo‘lsa-da, yakunda g‘alaba mezbonlarga nasib etdi.
O‘yinning 1-daqiqasidayoq Qizilqum futbolchilari hisobda oldinga chiqib oldi. Chap qanotdan boshlangan hujumni navoiyliklarning nikaragualik hujumchisi Medina Smit golga aylantirdi. Bunga mehmonlar faqat birinchi bo‘lim oxirlarida javob qaytardi. 11 metrlik jarima zarbasini aniq amalga oshirgan Dilshod Jo‘rayev muvozanatni tikladi.
Tanaffusdan keyin mezbonlarning gruziyalik futbolchisi Elguja Grigilashvili ikki bor muvaffaqiyat qozonib, Qizilqum ning 3-1 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Bugun bo‘lib o‘tgan ikkinchi o‘yinda Bekobodning Metallurg jamoasi futbolchilari Buxoro klubiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Bu o‘yinda ham g‘olib jamoa ikki to‘p farqi muvaffaqiyat qozondi.
Avvaliga 35-daqiqada Bahrom Abdurahimovning ideal tarzdagi to‘p oshirishidan keyin Metallurg ning legioner futbolchisi Sergey Tumasyan hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda esa bekobodliklar safidagi eng nomdor va tajribali futbolchi Server Jeparov penaltini aniq bajarib, o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi: Metallurg Buxoro 2:0.
Eslatib o‘tamiz, bugun yana ikkita uchrashuv o‘tkaziladi. Jumladan, Termizda Surxon futbolchilari Samarqandning Dinamo sini qabul qilishsa, o‘tgan mavsum sovrindorlari Lokomotiv va Navbahor jamoalari Toshkentda o‘zaro kuch sinashadi.
Manba: uza. uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!