«Usmon Nosir haqidagi manbalarni kimdir o‘g‘irlab ketayapti»

«Usmon Nosir haqidagi manbalarni kimdir o‘g‘irlab ketayapti»

"Turon24" muxbiri akademik Naim Karimov bilan suhbat uyushtirdi. Naim Karimov germaniyalik olimda oldingi gazetalarning deyarli barcha soni tushirilgan mikrofilm borligi, Chet ellik olimlar to‘plashga harakat qilishi haqda aytib berdi. Nima sababdan bizda to‘plashga harakat qilishmaydi? degan savolga Akademik quyidagicha javob qildi:

"Sababi rahbarlarimiz manbaning qadriga yetishmaydi. Mustaqillik yillarida Markaziy davlat arxivida ishlaganimda juda boy materiallar bor edi. Hozir borsak o‘shalarning yarmi ham qolmagan. Kimdir ota-bobolarining aybini yashirish uchun ularni yo‘q qilgan bo‘lishi mumkin. Prezident devoni (hozirgi Prezident administrasiyasi) arxiviga hech kimni yo‘latishmaydi. Arxivlarda 1937 yilning odamlari o‘tiribdi".

T24 muxbiri: Arxivlar necha foiz o‘rganildi?

N.K.: 10 foiz ham o‘rganilgani yo‘q. Manba asosida o‘rganilmas ekan, ijtimoiy fanlarga oid biror yangilik chiqmaydi. Bizda shu sababli ijtimoiy fanlarga doir tadqiqotlar deyarli yo‘q, borlari ham haminqadar.

T24: Maqsud Shayxzoda, Usmon Nosir haqidagi va boshqa ma’rifiy romanlaringizni yozish davomida qanday qilib manbalarni o‘rgandingiz?

N.K.: U manbalarni SSSR parchalanmasdan avval, oshkoralik yillarida arxivlar ochilganida o‘rganganman. O‘shanda arxivda o‘tirib bir kunda qancha yozish mumkin bo‘lsa yozganman. Chunki ertaga kelsam eshik yopiq bo‘lishi mumkin edi. Birinchi bo‘lib Usmon Nosir haqidagi manbalarni o‘rganganman. O‘sha manbalardan ko‘chirib kelganlarimni uyda joy yo‘qligi uchun Adabiyot muzeyidagi xonamga qo‘yganman. Kimdir o‘g‘irlab ketayapti, chunki kundan kunga o‘sha qo‘lyozmalarimning ba’zilari yo‘qolib qolayapti.

T24: Kim o‘g‘irlayapti? Balki adashayotgandirsiz.

N.K.: Qo‘lyozmalar o‘z-o‘zidan yo‘qolib qolmaydi. Bor gap shu.

T24: Ustoz, yana jadidlar mavzusiga qaytsak. Jadidlardan keyin ularning konsepsiyasini kimlar davom ettirdi?

N.K.: Hech kim davom ettirmadi. Chunki jadidlarning fojiasi ziyolilarni qo‘rqitib qo‘ydi.

T24: Jadidlarning konsepsiyasining asosiy mohiyatlaridan biri shaxs masalasi, to‘g‘rimi?

N.K.: Jadidlar haqiqiy shaxs bo‘lgan. Bunga shubha yo‘q. Shaxs agar munofiqlashmasa, yozgani ham, qilayotgan amali ham bir xil bo‘lsa uning g‘oyasi shaxsi bo‘ladi. Ma’lum odamlar bo‘ladiki, ularning yozganlari boshqa, amali boshqa. Ularda shaxs bo‘lishi mumkin emas. Shaxs – e’tiqod va amal birligi. Masalan, jadidlardan keyin Oybek domla shaxs bo‘lgan deb aytsa bo‘ladi. To‘g‘ri, Oybek domla ham zamon bilan hisoblashishga majbur bo‘lgan, asarlariga kommunist obrazini kiritgan. Lekin u qadar o‘ziga xiyonat qilgan emas. G‘afur G‘ulom esa buning aksi. G‘afur aka ko‘proq bolalarining taqdiridan tashvishlanardi. Lekin G‘afur G‘ulomning bilim doirasi nihoyatda keng bo‘lgan. Xalq tilini ham nihoyatda yaxshi bilgan. Lekin shaxs bo‘lish uchun donishmandligu iste’dodning o‘zi kamlik qilarkan.

T24: Ustoz, G‘afur G‘ulom haqida “Abdulla Qodiriyni yozib bergan ijodkorlardan biri” degan gap yuradi. Shu rostmi?

N.K.: Yolg‘on, chunki bunday manba yo‘q. Agar yozib berganda G‘afur G‘ulomni tergovda Abdulla Qodiriy bilan yuzlashtirishar edi.

T24: Bugungi adabiy jarayon haqida ham fikrlaringiz bor bo‘lsa kerak.

N.K.: Ilgarilari taqiqlangan mavzular bo‘lgan. Masalan, tarixni ideallashtirish mumkin bo‘lmagan. Hozir qay mavzuda yozish yozuvchining o‘ziga bog‘liq. Faqat yozuvchilar o‘zining qiziqishi, bilim doirasiga qarab yozadi. Aslida shu kecha-kunduzda qaysi masalaga e’tibor berish kerak, qaysi yo‘l bilan jamiyatni yuksaltirish kerak degan savollarga javob topgan holda asarlar yozilishi kerak. Adabiyot jamiyat hayotiga ta’sir qilmaydigan adabiyotga aylanib qoldi. Bugungi asarlar neytral mavzudan nariga o‘tmay qoldi. Bugun ijodkorlar yozayotgan asarlari bilan jamiyatni ogohlantirishi kerak.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!