Ulamolar yong‘indan jabr chekkanlarga yordam ko‘rsatdi

Ulamolar yong‘indan jabr chekkanlarga yordam ko‘rsatdi

18 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining bir guruh ulamolari yong‘indan jabr ko‘rgan Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi xonadonlar ahllaridan xabar oldilar. Bir necha kun avval Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi “Gavhar” va “Katta Do‘mbrobod” mahallalarida joylashgan xonadonlarda yong‘in sodir bo‘lib, xonadon ahllariga qishning sovuq kunlarida Allohning katta sinovi kelgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Samarqandiy hazratlarining tavsiyalariga muvofiq, Diniy idora masjidlar bo‘limi mudiri Muhammadnazar Qayumov va Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov yong‘indan aziyat chekkanlarga tasalli berib, ko‘ngillarini ko‘taradigan gaplarni aytib, bunday talofatda qilgan sabrlari ajru savoblarga noil bo‘lishini so‘zlab berdilar.
Shuningdek, yong‘indan jabr chekkan xonadon ahllariga pul mablag‘lari topshirildi va ushbu xonadonlar qurib bitkazulgunga qadar imom-domlalar doimiy kamarbasta bo‘lishlari izhor qilindi.
Darhaqiqat, har bir banda hayoti davomida turli qiyinchilik va musibatlarga duch keladi. Zotan, bu hayotning o‘zi imtihon dunyosidir. Bu haqda Qur’oni karimda bunday xabar qilinadi: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar(hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz” (Baqara, 155).
Musibatlar sabab qilinib bandaning imoni sinaladi. Mol-mulkning kasodga uchrashi, bemor bo‘lish yoki ishdagi muvaffaqiyatsizlik kabilarning barchasi sinovdir. Banda gohida yaxshilik bilan, ba’zida qiyinchilik bilan sinaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Musulmonga qay bir musibat: charchashmi, bemorlikmi, tashvishmi, xafachilikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki, tikan kirishmi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qilur”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ulamolarning ko‘ngil so‘rab kelganidan sevingan mahalla ahli va xonadon egalari shunday og‘ir damlarda tashrif buyurganlari va ko‘ngillarini ko‘targanlari uchun minnatdorlik bildirdilar.

Manba: muslim.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!