Tojikistonda hali ham koronavirus rasman qayd etilmadi. Ammo 4-bemor ham vafot etgan

Tojikistonda hali ham koronavirus rasman qayd etilmadi. Ammo 4-bemor ham vafot etgan

16 aprel kuni Tojikistonning Sug‘d viloyati Spitamen tumani markaziy shifoxonasida 68 yoshli erkak pnevmoniya oqibatida vafot etdi, deb xabar beradi Asia-Plus.

Jabbor Rasulov tumani fuqarosi Mo‘minjon Mirbaratov sakkiz kun oldin shifokorga murojaat qilgan. Unga ambulator davolash buyurilgan. Shundan so‘ng bemorning ahvoli og‘irlashgani sabab u Xo‘janddagi shifoxonaga yo‘l olgan. U yerda Mirbaratovga bronxopnevmoniya tashxisi qo‘yilgan va yana ambulator davolash buyurilgan.

Oradan ikki kun o‘tgach, bemorning ahvoli yanada og‘irlashib, tez yordam bilan Spitamen tumanidagi shifoxonaga olib kelingan. U zudlik bilan reanimasiyaga joylashtirilgan, ammo shifokorlarning sa’y-harakatiga qaramay bronxlar va yurak faoliyatining yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan. Mirbaratov bilan aloqada bo‘lgan sakkiz nafar shifokor karantinga joylashtirilgan.

So‘nggi vaqtlarda Tojikiston ommaviy axborot vositalari o‘pka va yurak kasalliklari, xususan, pnevmoniya, sil va yurak-qon tomirlari kasalliklari tufayli bir qator o‘limlar qayd etilganini ma’lum qildi. Ayrim holatlarda bemor vafot etgach, uning yaqinlari va shifokorlar karantinga joylashtirilgan. Marhumlardan biri tibbiyot xodimlari tomonidan noma’lum joyga dafn etilgan.

Tojikiston Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligi esa hamon mamlakatda COVID-19 koronavirus  bilan kasallanish bo‘yicha birorta ham holat qayd etilmaganini ma’lum qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo davlatlari orasida hozirga qadar Tojikiston va Turkmanistonda koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha birorta ham holat rasman e’lon qilinmadi. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!