Surxondaryoda direktor o‘rinbosari yarim-yalang‘och holda ayol kishining uyiga bostirib kirdi

Surxondaryoda direktor o‘rinbosari yarim-yalang‘och holda ayol kishining uyiga bostirib kirdi

O‘qituvchini ustoz sifatida e’zozlaymiz. O‘qimishli ma’rifat ulashuvchi insonlar, deya hurmat qilamiz. Ayniqsa, keyingi yillarda o‘qituvchi-murabbiylar yanada ulug‘lanib, cheksiz e’tibor qaratilmoqda. Ularning yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lidagi xizmatlari munosib rag‘batlantirilayotir.

Lekin ming afsuski, xurmacha qiliqlari bilan o‘qituvchilarning obro‘yini yerga urishga, qayta tiklanayotgan nufuzini pasaytirishga urinayotgan soha vakillari ham yo‘q emas.

O‘zAning yozishicha, Oltinsoy tumanidagi umumta’lim maktablaridan birida o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan Sodiq Vafoyev (ism-shariflar o‘zgartirildi)ning spirtli ichimlik ta’sirida ko‘rsatgan «hunar»i ham uning pedagog niqobidagi huquqbuzar ekanini oshkor etib qo‘ydi.

Tumanda turli shov-shuvlarga sabab bo‘lgan bu voqea «qahramoni»ning qilmishi jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinsoy tumani sudida ko‘rib chiqildi.

Xo‘sh, shu o‘rinda oliy ma’lumotli direktor o‘rinbosarini qanday huquqbuzarlik sud zaliga yetaklab keldi, degan savol o‘rtaga chiqishi aniq.

Gap shundaki, u joriy yilning 23 mart kuni soat 18:00 lar atrofida spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holda jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, yashash uyi oldidan o‘tuvchi ko‘chaga yarim-yalang‘och holda chiqib, jamoat tartibini va hamqishloqlarining xotirjamligini buzgan. Qo‘shnisi T.Qobilovni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, baland ovozda shovqin ko‘targan. Shu atrofda yashovchi fuqarolar va yo‘ldan o‘tib ketayotganlarning tinchligi, osoyishtaligini buzib, qo‘liga tosh olib, T.Qobilovni quvlab, qo‘shnisi L.Jabborovaning hovlisiga yarim yalang‘och holda kirib borgan. U yerda ham baland ovozda shovqin ko‘tarib, uyatli qiliqlar bilan mayda bezoriliklar sodir etgan.

Ochiq sud majlisida huquqbuzar – direktor o‘rinbosari aybiga iqror bo‘lib, shu kuni qo‘shnisi T.Qobilovning tovuqlari tomorqasiga o‘tgani uchun u bilan tortishib qolgani, spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holatda bo‘lgani sababli yalang‘och holda qo‘liga tosh olib, T.Qobilovni quvlagani va u qo‘shnisi L.Jabbarovaning uyiga kirib ketgani uchun uning ortidan quvlab borgani va baland ovozda so‘kinganini, bu holatda uni ko‘rgan L.Jabbarovaning kelini X.To‘rayeva hushidan ketib qolganini tan oldi. Mast bo‘lgani uchun nimalar qilganini yaxshi eslay olmayotgani, jabrlanuvchilardan kechirim so‘rashi, qilgan ishidan pushaymonligini, boshqa bunday harakatlar sodir etmasligini bayon etib, suddan qonuniy yengillik berishni so‘radi.

Sud huquqbuzar va jabrlanuvchilarni tinglab, tegishli qaror qabul qildi. Huquqbuzarga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi bilan o‘n besh sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanib, qamoqda saqlangan har bir kuni uchun davlat foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida pul undirish belgilandi. Taraflarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish yuzasidan fuqarolik sudlovi tartibida murojaat etish huquqi tushuntirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!