SSV kitoblik erkak o‘limining asl sabablarini yashiryaptimi?

SSV kitoblik erkak o‘limining asl sabablarini yashiryaptimi?

Biroz avval Sog‘liqni saqlash vazirligi Qashqadaryoning Kitob tumanida 1963 yilda tug‘ilgan fuqaro N.O. (erkak) koronavirusdan emas, boshqa yondosh kasalliklardan vafot etgani haqida xabar bergandi. Unda vafot etgan fuqaroning bir oyda topshirgan ikkita tahlili ham manfiy natija bergani aytilgandi.

Ammo QALAMPIR.UZ`ga kelib tushgan Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan SSV va Bosh davlat sanitariya vrachiga yuborilgan rasmiy xatda N.O.da koronavirus testi musbat natija bergani ko‘rsatilgan.

Xususan, xatda SSV xabar berganidek, N.O. 2020 yil 10 aprel kuni Qozog‘iston Respublikasiga ishlash maqsadida ketgan va 9 may kuni mamlakatga qaytib kelgan, Toshkent viloyatidagi Karantin markaziga tibbiy kuzatuvga olingani aytilgan. 10 may kuni esa Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi terapiya bo‘limiga pnevmoniya tashxisi bilan yotqizilgan. 22 may kuni koronavirus infeksiyasiga tekshirilgan va manfiy natija qayd etilgani sababli 27 may kuni uyiga javob berilgan.

Xatda qayd etilishicha, N.O. 27 maydan 28 maygacha Toshkent shahrida ijaradagi uyda bo‘lgan va 28 may kuni Resp. O va RIATM hamda RSHTYOIMga murojaat qilgan. Ushbu klinikalarga qabul qilinmagani sababli, A.Vohidov nomidagi ko‘krak jarrohlik markaziga murojaat qilgan va diagnostika bo‘limida exokardiogramma qilinib, ikki tomonlama plevrit tashxisi qo‘yilgan hamda ahvoli og‘ir bo‘lgani sababli qabul qilinmagan. 2020 yil 28 may kuni Toshkent viloyati Zangiota tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib kelingach, kechki soat 17:00da uyiga javob berilgan. Yo‘lovchi mashinada Kitob tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga 29 may kuni soat 00:30 da olib kelingan.

Ammo SSV bergan ma’lumotda bemor bir emas, uch shifoxonaga qabul qilinmagani og‘ir ahvolda uzoq yo‘l yurib, Kitobga ketgani haqida og‘iz ochilmagandi. Nega klinikalar og‘ir ahvoldagi bemorni qabul qilmay, uni ortga qaytardi?

Xatda bildirilishicha, 29 may kuni ertalab soat 9:00 da koronavirus infeksiyasiga tekshirish uchun namuna olingan, 29 may kuni 14:00 da ahvoli og‘irlashgani sababli qarindoshlari tomonidan uyiga olib ketilgan va 16:00 da vafot etgan. 2020 yil 30 may kuni soat 10:00 da dafn etilgan. 2020 yil 30 may kuni soat 22:00 da koronavirus infeksiyasiga olingan tahlil natijasi musbat natija bergani qayd etilgan.

“Shu yilning 31 may kuni yuborilgan surtma namunalarini takror tekshiruv natijalariga ko‘ra, marhum bemorda koronavirus infeksiyasi aniqlanmadi. Demak, bir oy ichida o‘tkazilgan ikkinchi bor diagnostik taxlil ham N.O. COVID-19 infeksiyasiga chalinmaganligini ko‘rsatgan”, degandi SSV.

Vazirlik tahlil natijasi musbat chiqqani haqida ma’lumot bermagandi. Ammo namunalar qayta tekshirilganda koronavirus aniqlanmagani aytilgan.

Hozirda kasallik topilgan o‘choqda epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar va epidemiologik surishtiruv ishlari boshlangan, birlamchi muloqotda bo‘lganlar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilmoqda.

Rasmiy xat Qashqadaryo SSB va viloyat Sanitariya-epidemiologiya bosh vrachi tomonidan tasdiqlangan.

SSV kitoblik erkak o‘limining asl sabablarini yashiryaptimi?

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!