Shumanayda fuqaro oqlandi, chunki...

Shumanayda fuqaro oqlandi, chunki...

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shumanay tuman sudining 2017 yil 20 noyabrdagi hukmiga ko‘ra G. O‘zbekiston Respublikasi JK 28,237-moddasi 2-qismining “a,b” bandlari bilan, JKning 45-moddasi qo‘llanilib, 1 yil advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida 7.488.750 so‘m jarima jazosiga sudlangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi kassasiya instansiyasining 2018 yil 22 maydagi ajrimiga ko‘ra, G. O‘zbekiston Respublikasi JPK 83-moddasining 2-bandiga asosan oqlangan.

Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2019 yil 29 yanvardagi ajrimi bilan, G.ga nisbatan chiqarilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi kassasiya instansiyasining 2018 yil 22 maydagi ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangitdan kassasiya instansiyasi sudida ko‘rish uchun yuborilgan.

Sudning hukmiga ko‘ra, G. “G.K” advokatlik byurosi advokati bo‘lib ishlab kelib, fuqaro G.L va uning tanishi M.L.lar bilan oldindan til biriktirib, G.L. tanishi D.T. bilan ixtiyoriy ravishda jinsiy aloqada bo‘lib kelib, 2016 yil oktyabr oyida homilador bo‘lib qolganidan so‘ng, D.T. dan to‘y qilib unga uylanishini so‘raganida, u rad javobini bergach, sun’iy dalillarni keltirishib, unga nisbatan tuhmat qilishib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga aslida yuz bermagan jinoiy hodisa haqida yolg‘ondan xabar berish orqali turmush qurishga mabur qilishni rejalashtirishgan.

Shundan so‘ng, G.ning 2016 yil 4 noyabrdagi bergan maslahatlariga asosan G.L. harakat qilib, 2016 yil 7 noyabr kuni D.T. bilan Urganch shahri, Gurlan ko‘chasi, 19-uy, 30-xonadonda ixtiyoriy ravishda jinsiy aloqada bo‘lganidan so‘ng, jinoiy rejalarini amalga oshirish uchun uyiga qaytib kelib g‘arazgo‘ylik niyatida, dugonasi M.L. yordamida ko‘krak qafasi, chap soni, o‘ng soni, chap yelkasiga yengil tan jarohati yetkazib hamda egnida bo‘lgan ayollar ko‘ylagi, lozimasi, maykasi, siynabandi va ichki kiyimini qo‘llari bilan tortish yo‘li bilan qasddan shikastlantirib, sun’iy dalillarni vujudga keltirishib, G. shu kuni G.K. bilan takroran uchrashib, u tayyorlab bergan arizasidan foydalangan holda Urganch shahar IIBga D.T.ni og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, ya’ni nomusiga tekkanligi va jinsiy ehtiyojini zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirganligi haqida ariza bilan murojaat qilgan.

Natijada, advokat G. G.L.ga tanishi D.T. ga nisbatan og‘ir jinoyatni sodir etganligi bo‘yicha sun’iy dalillarni keltirish haqida berib kelgan maslahatlari oqibatida, Urganch shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlarini olib borish davomida, G.Lesbekova D.Tasimov bilan 2016 yil 16 noyabrda Urganch shahar FXDYo bo‘limidan er-xotin sifatida ro‘yxatdan o‘tishga va 2016 yil 1 dekabrda nikoh to‘yi qilishib, unga turmushga chiqishiga erishganlikda aybli deb topilgan.

G.kassasiya shikoyatida, aybsizligi va harakatida jinoyat tarkibi yo‘qligi haqida vajlar keltirib, sud hukmini bekor qilib, uni oqlash xususida ajrim chiqarishni so‘ragan.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 22-moddasi talablariga ko‘ra, sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqishi, ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan holatlarni aniqlashi va hisobga olishi lozim.

Ushbu kodeksning 463-moddasi 1-qismiga muvofiq, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi, ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarni tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 2014 yil 23 maydagi 7-sonli Qarorining 4-bandiga muvofiq, ish bo‘yicha hukm ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kamchiliklar to‘ldirilgandan keyingina chiqarilishi mumkinligi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerakligi, sudlanuvchini jinoyatni sodir qilganligini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan har bir dalil, JPKning 95-moddasiga muvofiq ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozimligi;

dalillar maqbulligi nuqtai nazaridan baholanishida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004 yil 24 sentyabrdagi “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-prosessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan tushuntirishlarga amal qilinishi lozimligi;

dalillarni baholash jinoyat ishi uchun ahamiyatli bo‘lgan mavjud holatlar haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi, rad etuvchi yoki shubha ostiga oluvchi faktlar yoki narsalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirgan taqdirdagina ishga aloqador deb e’tirof etilishi;

tekshiruv natijasida haqiqatga muvofiq ekanligi aniqlangan dalillar ishonchli deb hisoblanishi, sudlanuvchining aybdorligi (aybsizligi) to‘g‘risidagi sudning xulosalariga zid bo‘lgan dalillar hukmda nafaqat ko‘rsatilishi balki, sud tomonidan nima uchun ular ishonchsiz deb topilganligi va rad etilganligi sabablari asoslantirilgan bo‘lishi lozimligi;

hukmda sudlanuvchining jinoiy harakatlarini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan dalillarga asoslanganda, sud ularning mazmunini yoritishi va tegishli baho berishi lozimligi;

5-bandida, “Sudlarning e’tibori, JPKning 22-moddasiga binoan ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun faqat qonunda nazarda tutilgan tartibda to‘plangan, tekshirilgan va baholangan ma’lumotlardan foydalanish mumkinligiga qaratilishi;

sudlar hukm JPKning 26, 90 va 455-moddalari talabiga binoan faqat sud majlisida tekshirilgan va sud majlisi bayonnomasida o‘z aksini topgan dalillarga asoslangan bo‘lishi lozimligini e’tiborga olishlari kerakligi”gi haqida tushuntirishlar berilgan.

Biroq sud, sudlangan G.ga nisbatan ayblov hukmi chiqarishda qayd etilgan qonun talablari va Oliy sud Plenumining rahbariy tushuntirishlariga rioya qilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 28-moddasida, jinoyatni bajaruvchi bilan bir qatorda tashkilotchi, dalolatchi va yordamchilar ham jinoyat ishtirokchilari deb topilishi, jumladan, jinoyat sodir etilishiga o‘z maslahatlari, ko‘rsatmalari bilan, vositalar berish yoki to‘siqlarni yo‘qotish bilan ko‘maklashgan, shuningdek jinoyatchini, jinoyat sodir etish quroli, izlari va vositalarini yoxud jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan narsalarni yashirishga, shuningdek bunday narsalarni olish va o‘tkazish to‘g‘risida oldindan va’da bergan shaxs yordamchi deb topilishi qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasim JK 237-moddasi 2-qismining “a”, “b” bandlarida, ayblovning sun’iy dalillarini vujudga keltirgan holda, g‘arazgo‘ylik niyatlarida yolg‘on xabar berganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Mazkur jinoyatning ob’ekti odil sudlov organlarining normal faoliyati, fuqarolarning qonun bilan himoya qilinadigan huquq va manfaatlari hisoblanib, ob’ektiv tomondan bila turib, jinoyat sodir etilgani haqida yolg‘on xabar berishda ifodalanadi.

Ish hujjatlariga ko‘ra, sudlangan G. va G.L.ga sun’iy dalillarni vujudga keltirib, tanishi D.ni og‘ir jinoyat sodir etganligi bo‘yicha ayblash haqida maslahatlar berib kelib, G.ni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yolg‘on xabar berish jinoyatini sodir etishida ishtirokchilik qilganlikda aybli deb topilgan.

Sud, sudlangan G.ni ayblashda G. va G.L.lar o‘rtasidagi telefon orqali bo‘lgan suhbatlar yozilgan audiofayllar, G.L. va D.T. o‘rtasidagi muloqot aks etgan videotasvir va ularning stenogrammasini asos sifatida ko‘rsatgan.

Jumladan, sud hukmida, advokat G.K.ga tegishli bo‘lgan “K52D” bo‘lgan noutbukda 2016 yil 4 noyabr kuni G.L. nomidan Urganch shahar IIB boshlig‘iga, “Urganch shahar, Xlopzavod ko‘chasi, 7-uy, 4-xonadonda yashovchi G.L. tomonidan ariza Men G.L, 1988 yil 16 martda tug‘ilganman, yuqoridagi manzilda yashayman. 2016 yilning 2 noyabr kuni tanishim bo‘lgan 1986 yil 10 aprelda Urganch shahrida tug‘ilgan va Urganch shahar Vodnik shaharchasi Xalq so‘zi ko‘chasida yashovchi D. menga senda gaplashadigan gapim bor deb, meni uydan aldab olib chiqib, o‘zining Gurlenskiy ko‘chasidagi do‘stining uyiga olib borib, mening erkimga qarshi menga tan jarohati yetkazgan holda o‘zi bilan jinsiy aloqada bo‘lishga majbur qildi. Yuqoridagilarga asosan unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlaringizni va menga sud medisina ekspertizasiga yo‘llanma berishlaringizni so‘rayman” degan mazmundagi yozilgan arizani ko‘zdan kechirish bayonnomasini G.ni aybini isbotlash uchun keltirilgan.

Tergovda va sudda G., G.L.ga kompyuterda ariza yozib bermoqchi bo‘lganligini inkor etmagani holda, balki G.L.ning ko‘rsatuvlari asosida uning nomidan IIB boshlig‘i nomiga ariza yozib berayotganida, kompyuteri buzilib qolganligi uchun G.L.ga ariza yozib berma olmaganligini ko‘rsatgan.

Qonunchilikka ko‘ra, advokat o‘ziga nisbatan yuridik yordam so‘rab murojaat etgan shaxsga huquqiy maslahatlar berishi va himoya nuqtai nazaridan murojaat qilgan shaxsning ko‘rsatmalari asosida, uning poy mol etilgan huquqlarini tiklashni so‘rab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va boshqa tashkilotlar nomiga ariza yozishi qonun bilan ta’qiqlanmagan.

Qolaversa, G.L. D.T uni zo‘rlab nomusiga tekkanligi mazmunidagi arizani qo‘l yozma shaklida yozib IIBga taqdim etgani yoki 2016 yil 28 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasiga murojaat etib, unda D.T. nomusiga tekganligini, lekin uylanaman deb aldab yurganligini ma’lum qilganligi, mazkur ariza ham jinoyat haqida rasmiy xabar sanalishi va uning yozilishida G.K.ning biron-bir ishtiroki bo‘lmaganligi sud tomonidan umuman baholanmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2006 yil 7 fevraldagi “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining to‘rtinchi qismini va “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 6-moddasining beshinchi qismini sharhlash haqida”gi qarori ham umuman inobatga olinmagan. Unda advokatni qonunga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatayotganligi munosabati bilan uni jinoiy, fuqarolik, ma’muriy, intizomiy va moddiy javobgarlikka tortish yoki bunday javobgarlikni qo‘llash bilan qo‘rqitish mumkin emasligi nazarda tutilgan.

Shu bois, sudlov hay’ati, advokatga yuridik yordam so‘rab murojaat etgan fuqaro nomidan ariza loyihasini tayyorlanganligining o‘zinigina G.K.ni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi deb hisoblaydi.

Shuningdek, sudlov hay’ati, ish bo‘yicha G.K.ning aybdorligini isbotlovchi dalil sifatida tan olingan D.T. tomonidan uyali telefonda videotasvirga tushirilgan G.L.ning ko‘rsatmalarini ishonchga sazavor emas deb hisoblaydi.

Chunki, O‘zbekiston Respublikasi JPK 95-moddasining 1-qismiga binoan har bir dalil ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozim.

Kassasiya instansiyasida so‘roq qilingan G.L., videotasvirdagi gaplarni o‘sha vaqtda turmush o‘rtog‘i bo‘lgan D.T. uni aldab ko‘ndirganligi uchun aytganligini, D.T. qamalib ketmasligi va u bilan bir oila bo‘lib yashashi uchun hamma ishni qilishga rozi bo‘lganligini, agarda D.T. bilan yashab kelayotgan bo‘lganida hozirda ham videotasvirda G.K.ga qarshi aytgan gaplarini tasdiqlagan bo‘lishi haqida ko‘rsatma bergan.

Xuddi shuningdek, sudlov hay’ati, ish bo‘yicha G.K.ning aybdorligini isbotlovchi yana bir dalil sifatida tan olingan G.L. telefonda advokat G.K. bilan 2016 yil 3 noyabr kuni soat 13:32 da suhbatlashganida, “assalom G. apa ishdamisiz, soat 15 larda telefon qilib borsam ishda bo‘lsasizmi, ishga qachon borasiz bo‘lmasa, bugun kechroq bo‘lsa ham bormaysizmi, bugundan qolmasin deb turgan edim, maslahatli ishim bor edi sizda”, 2016 yil 8 noyabr kuni soat 20:38 da suhbatlashganda, “allo apa, vaqtingiz bormi, gaplashmoqchi edim, yo boshqa nomerdan telefon qilaymi, G. opa boyagi bola telefon qildi, ertaga zagsga boramiz, zagsdan o‘tib to‘y qilamiz, keyin arizangni qaytib olasanmi dedi, siz bilan maslahat qilmaguncha unga biron so‘z aytib bilmadim va boshqa suhbatlari;

G.L.ni dugonasi M.L. bilan 2016 yil 5 noyabr kuni soat 20:54 da suhbatlashganda, “kelmadimi”, “bugun kelishi kerakmidi”, “nishatib tashayin, urib tashayinmi”, “qirchib tashayinmi hamma yeringni”, “telefon qil,  kelarsan natsa, bu yerga to‘g‘ri”, “agar shundin natado‘n bo‘lsa” - deb aytganligi va o‘z navbatida G.L.ni “Telefon urgay deb o‘tiribman”, “telefonda aytavarma vuni”, “Ayt telefonda! na dab chiqarib berib tursinlar”, “o‘tiravar qani, natsa telefon urarman”-deb aytganligi qayd qilingan 2017 yil 7 martdagi ko‘zdan kechirish va eshitib ko‘rish xaqidagi bayonnomalar o‘rganib chiqilganda, ularning mazmun-mohiyatidan aynan sudlangan G.K. tomonidan g‘araz niyatda, G.L.ga D.T.ni og‘ir jinoyat sodir etganlik uchun ayblashda sun’iy dalillar vujudga keltirish uchun maslahatlar berib, G.L.ning yolg‘on xabar berish jinoyatini sodir etganida ishtirokchiligi anglanmadi.

Shu bois, sudlov hay’ati, mazkur dalillarni G.K.ni ayblash uchun asos qilib olinishi mumkin emas deb hisoblagan.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasiga ko‘ra, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.

G.ning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JK 28,237-moddasi 2-qismining “a,b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli sababli, unga oid jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi JPK 83-moddasining 2-bandiga asosan tugatilib, aybsiz deb topilib, oqlandi.                                 

A.Shaydoyev,

KSH-№ 4-04/47-19-sonli ajrimi

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Buxoro viloyat sudi raisining

o‘rinbosari


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!