Sherikchilik tergov xonasida tugadi

Sherikchilik tergov xonasida tugadi

Pul hammaga kerak. Uni topish yo‘lida kimlardir ertayu kech “jonini Jabborga berib” ter to‘kadi. Kimlardir oilasi, ota-onasi, tug‘ilgan yurtini tashlab begona o‘lkalarda “it yotish, mirza turish” deganlaridek, turli sharoitlarda ishlab topishga urinadi. Bugun so‘zlamoqchi bo‘lgan voqeamiz “qahramoni” Dilmurodga o‘xshaganlar esa tekin daromad orttirishni xomxayol qilib bu yo‘lda turfa nayranglar o‘ylab topishdan huzur qilishadi. Dilmurod oliy ma’lumotli, oilali, ilgari sudlanmagan. Hayotga ezgu umidlar, go‘zal niyatlar bilan qadam qo‘yish o‘rniga o‘ylab topgan hiylasi kishini o‘ylantiradi. 2022 yilning may oyida Dilmurod kursdoshi – bir dasturxondan non yeb, bir piyolada choy ichgan Nodirni uchratib qoldi. U korxonada o‘zi tanlagan kasbi bo‘yicha ishlayotgan ekan. Dilmurodning g‘ayirligi keldimi yoinki diplomi, kasbi bo‘la turib bekorchi yurganidan xijolat tortibmi, o‘zini tadbirkorman deb tanishtirdi. O‘z yolg‘oniga o‘zi ham ishonib qoldimi yoki rejasi oldindan pishitilganmidi, qo‘yarda-qo‘ymay uni sherikchilikka undadi. Avvaliga Nodir ko‘nmadi. Biroq olinadigan foydadan falon foiz ulush tegishini hisoblab – pulning hech qachon ortiqchasi bo‘lmaydi deb, kursdoshi uni aldamasligiga ishonib, rozi bo‘ldi. Shunday qilib Nodir tadbirkor do‘stiga 10.000 AQSh dollarini berib, keyingi oydan keladigan ulushini kuta boshladi. Biroq Dilmurod hozirda ishlari yurishmayotganligi: kelasi... kelasi... kelasi... oyda albatta yurishib ketishini aytib ortga suraverdi. Nodir ichki ishlar idoralariga murojaat qilishini aytib pisanda qilganida o‘ziga tegishli xonadonni unga sotishini, olingan 10.000 AQSh dollarini boshlang‘ich to‘lov sifatida qabul qilishini, xonadon hujjatlashtirib berilgach, Nodir unga qo‘shimcha 20.000 AQSh dollarini berishini taklif qildi. Pulini ololmasligiga ko‘zi yetgan Nodir uning bu nayrangiga ham laqqa tushdi. Uyni rasmiylashtirish ham kelasi... kelasi... kelasi... oylarga qoldirilaverilgach, baribir najot ichki ishlar idoralaridan kelishiga ko‘zi yetib ularga murojaat qildi.

– Tergov jarayonida Dilmurod oliygohda shunchaki diplom uchun o‘qigani, bu kasbga umuman qiziqmasligi, aslida oddiy oshpaz bo‘lishni orzu qilganligini, diplomli bo‘lgach esa oshpaz bo‘lib ishlashga uyalganini aytganida, iqtidorli, biroq irodasi sust, o‘zgalar fikri ta’siriga tez beriluvchanligi uchun unga achindim, – deydi Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Jahongir Umarxodjayev. – Inson avvalo o‘z yuragiga quloq solishi kerak. Yomon muhandis bo‘lgandan ko‘ra, yaxshi ishchi bo‘lgan afzal emasmi? Qolaversa, o‘zing sevgan mashg‘uloting bilan shug‘ullansang bu senga zavq va hayotingga mazmun bag‘ishlaydi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi 1980 yilda tug‘ilgan Dilmurodni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan (“Firibgarlik”) aybdor, deb topdi. Aybdorning qilmishidan pushaymonligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi, muqaddam sudlanmaganligini inobatga olib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilu 6 oyga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!