Shaharsozlik kodeksining yangi tahriri o‘rganilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasida “O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash xaqida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonun loyhasi o‘rganilmoqda.
Ishchi guruh a’zolarining takidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 noyabrdagi “Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5577-son Farmoni bilan Qurilish vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish topshirig‘i berilgan. Mazkur topshiriqlarni bajarish maqsadida, Qurilish vazirligi tomonidan ishchi guruhi tuzilib, guruh tarkibiga masalaga aloqador vazirlik va idoralar vakillari, Toshkent Arxitektura va qurilish instituti, Samarqand Davlat Arxitektura va qurilish instituti olimlari, loyihalash va qurish sohalarining katta tajribaga ega mutaxassislari kiritildi.Mutaxassislar tomonidan Kodeksning mavjud moddalarini qayta ishlash va yangi normalarini kiritishda xorijiy davlatlar, jumladan Rossiya Federasiyasi, Germaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Belorussiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon tajribalaridan foydalanilgan.
Ushbu kodeksning qabul qilinishi:
-shahar va qishloq aholi punktlarida aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish;
-xo‘jalik va boshqa faoliyatning atrof muhitga yetkazadigan zararli ta’siriga yo‘l qo‘ymaslik xamda ekologik vaziyatni yaxshilash;
-aholi punktlarining va ularga tutash hududlarning muhandislik va transportga oid hamda ijtimoiy infratuzilmalarini rivojlantirish;
-madaniy meros ob’ektlarini asrash;
-sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash;
manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik;
-jamiyat va davlat manfaatlarini uyg‘unlashtirish masalalari tartibga solinadi.
Shuningdek, yangi tahrirdagi kodeksda: “aholi punkti”, “shahar”, “shaharcha” va “qishloq (ovul)”, “ob’ektlar turlari”, “o‘zboshimchalik bilan qurilish qilish”, “urbanizasiya” hamda “shaharsozlik faoliyatida fuqarolar muhokamasi ishtiroki” va boshqa iboralarning tushunchalari, Qurilishni davlat tomonidan tartibga solishning asosiy prinsiplari, shaharsozlik normalari va qoidalari, shaharsozlik faoliyati sohasidagi qarorlarning muhokamasida jamoatchilik nazorati, yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishining asosiy yo‘nalishlarini, qurilish sohasidagi lisenziyalash tartibi, qurilishni nazorat qilish va amalga oshirish, qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalariga qo‘yiladigan talablari, shaharsozlik faoliyatining moliyaviy ta’minoti, sug‘urtalash va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kabi kiritilayotgan yangi moddalar haqida ham tushinchalar berilgan.
Qo‘mita raisi: V.Muratkabilov