Saudiya Arabistonida birinchi shifokor-milliarder paydo bo‘ladi

Saudiya Arabistonida birinchi shifokor-milliarder paydo bo‘ladi

Saudiyalik pediatr Sulaymon Abdulaziz al-Habib dunyoda 1 mlrd dollardan ko‘proq boylikka ega oz sonli shifokorlardan biriga aylanadi. Unga tegishli kompaniyaning aksiyalari sotuvga chiqarilishi rejalashtirmoqda.  

Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, al-Habibga tegishli Dr. Sulaiman Al Habib Medical Group (HMG, Saudiya Arabistoni va qo‘shni davlatlarda tibbiyot muassasalariga ega tarmoq) kompaniyasi IPO’si yakunlangandan keyin al-Habibning o‘zida 8,5 mlrd riyollik (2,3 mlrd dollar) 49 foiz aksiya qoladi. 

Birjaga 17,4 mln dona aksiyani 50 riyol (13,35 dollar) narx bilan chiqarish rejalashtirilmoqda. Bundan olinadigan mablag‘ evaziga shifokor Saudiya Arabistoni podshohlik oilasiga mansub bo‘lmagan oz sonli milliarderlardan biriga aylanadi.

Ayni vaqtda dunyoning eng boy odamlari reytingi Bloomberg Billionaires Index’ga 4 nafar saudiyalik milliarder kiritilgan. Ulardan eng badavlati Saudiya Arabistoni podshohi Salmon Ol-Saudning jiyani va eng muvaffaqiyatli arab sarmoyachilaridan biri Al-Volid ibn Talol Ol-Saud hisoblanadi. Bloomberg uning boyligini 14,4 mlrd dollarga baholagan.   

Forbes nashri esa o‘zining milliarderlar ro‘yxatidan Saudiya Arabistoni vakillarini 2018 yilda chiqarib tashlagan. Nashr buni Saudiya vakillarining aktivlari haqida real ma’lumot yo‘qligi bilan tushuntirgan.

Bloomberg’ning ma’lum qilishicha, 68 yoshli Sulaymon Abdulaziz al-Habib o‘zining tibbiyot muassasalari tarmog‘ini 1993 yilda tashkil etgan. Bungacha u Ar-Riyoddagi ikkita davlat shifoxonasida bosh shifokor va pediatriya xizmati rahbari bo‘lib ishlagan. 

Agentlikning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda 1 mlrd dollardan ko‘proq boylikka ega shifokorlar ozchilikni tashkil qiladi. Ulardan eng badavlatlari amerikalik jarroh, HCA Healthcare asoschisi Tomas Frist (boyligi 12,7 mlrd dollar) va JARlik jarroh, saratonga qarshi dori vositasi Abraxane’ni ixtiro qilgan Patrik Sinsyan (9,18 mlrd dollar) hisoblanadi.

Manba: kun. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!