Rossiya harbiy-dengiz floti keng miqyosdagi harbiy mashg‘ulotlarni boshladi

Rossiya harbiy-dengiz floti keng miqyosdagi harbiy mashg‘ulotlarni boshladi

Rossiya harbiy-dengiz floti 30 iyul kuni keng miqyosli harbiy mashg‘ulotlarni boshlagan. Bu haqda Rossiya hukumati manbalariga tayanib, Reuters nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, mashg‘ulotlarga Rossiya dengiz kuchlarining 70 foizdan ortiq texnikasi jalb qilingan. Bu dengiz mashqlari 2019 yildan beri o‘tkazilgan eng yirik suv manyovrlari ekani ma’lum qilingan.

Rossiya Mudofaa vazirligi ham dengiz mashqlari o‘tkazilishini tasdiqlagan. Mashg‘ulotlar asosan Shimoliy Muz va Tinch okeanlari, Boltiq va Kaspiy dengizlarida amalga oshiriladi.

Rossiya dengiz mashg‘ulotlariga 20 ming xodim va 300 ta harbiy kema jalb qilingan. Ushbu kontingent ishtirokidagi manyovrlar barcha darajadagi harbiy-dengiz kuchlarining tayyorgarligi va imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishni maqsad qilgani aytilgan.

Xabarda keltirilishicha, so‘nggi mashg‘ulotlarda avvalgilaridan farqli ravishda zenit-raketa tizimlari, artilleriya, suvosti kemalariga qarshi qurollar va “passiv aralashuv” qurollari foydalaniladi. Barcha shartli harbiy harakatlar xalqaro suvlarda yoki Rossiyaning o‘z hududida amalga oshiriladi.

“Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining bo‘linmalari va qo‘shinlari Shimoliy Muz, Tinch okeanlari va Boltiq flotining tezkor zonalarida, shuningdek, Kaspiy dengizi flotiliyasi zonasida rejali o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishni boshladi”, deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida.

Bir qancha manbalar Rossiya mashg‘ulotlarda 50 dan ortiq samolyot va turi aniqlanmagan 200 dan ortiq maxsus texnika ishlatishini xabar bergan. Bu maxsus texnika katta ehtimol bilan uzoq masofali ballistik raketa bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!