Rossiyada 8-9-sinflar uchun dronlar bo‘yicha darslik chop etildi
«Robotexnika» maktab moduli uchun UUA qo‘llanmasi dronlarni, shu jumladan harbiy dronlarni yig‘ish va ular bilan ishlashga bag‘ishlangan.
«Prosvesheniye» nashriyoti va dron ishlab chiqaruvchi «Geoskan» kompaniyasi «Mehnat (texnologiya)» fanidan «Robotexnika» maktab moduli uchun dronlar bo‘yicha birinchi darslikni chiqardi. Bu haqda 11 sentyabr, chorshanba kuni TASS davlat axborot agentligi «Prosvesheniye» matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Darslik 8-9-sinf o‘quvchilari uchun chiqarilgan. Material jami 34 soatga mo‘ljallangan. Qo‘llanma olti bobni o‘z ichiga oladi: uchuvchisiz aviasiyaga umumiy kirish, dronlarning tasnifi va dizayni, uchuvchisiz uchoqlarning elektron komponentlari, qo‘lda uchirish asoslari, avtonom parvozlarni dasturlash, uchuvchisiz uchoqlar dunyosidagi tendensiyalar va kasblar.
Rossiya maktablarida, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng, UUA texnologiyalari bo‘yicha o‘qitish faol joriy qilinmoqda. Bunday alohida modulning maktab o‘quv dasturiga kiritilgani 2024 yil fevralida ma’lum bo‘ldi. Rossiya Federasiyasi ta’lim vazirining o‘rinbosari Tatyana Vasileva aytganidek, gap «harbiy xizmatga tayyorgarlik va vatanni himoya qilish» ko‘nikmalari haqida ketyapti. Shuningdek, fuqarolik hududlarida qo‘llanadigan UUA texnologiyalari ham o‘rganiladi, deya qo‘shimcha qildi Vasileva.
Jangovar UUA asoslari maktab o‘quv dasturiga kiritilyapti
O‘tgan yilning avgust oyida maktablarning 10-11-sinflar uchun boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv dasturiga dronlardan foydalanish asoslarini o‘rgatish kiritilgan edi.
«Texnik tayyorgarlik va aloqa asoslari» moduli doirasida maktab o‘quvchilariga dronlardan jangovar foydalanish usullari va ular yordamida yer relefini o‘rganish o‘rgatiladi. Bundan tashqari, o‘quvchilar «dushman uchuvchisiz uchoqlariga qarshi kurashish algoritmi»ni bilishi va «UUAni boshqarish bo‘yicha amaliy harakatlarni bajarishi» shart»,
— deyiladi Ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabarida.