Superliga: «O‘zbek klassikosi» Toshkentda o‘tadi
Xabaringiz bor, futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida FIFA kunlari munosabati bilan bir necha kun tanaffus e’lon qilingan edi. Nihoyat bugun, 13 sentyabr kuni milliy chempionatimizning 18-turiga start beriladi. Mazkur tur 16 sentyabr kuniga qadar davom etadi.
Ushbu muddat oralig‘ida futbol muxlislari «Paxtakor» – «Neftchi», «Qizilqum» – «So‘g‘diyona», «Navbahor» – «Nasaf», «Dinamo» – «Bunyodkor», «Andijon» – «Lokomotiv», «OKMK» – «Surxon», «Olimpik» – «Metallurg» klublari o‘rtasidagi bahslarga guvoh bo‘ladi.
Bugun 18-tur bahslari doirasida «Qizilqum» – «So‘g‘diyona» va «Paxtakor» – «Neftchi» jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.
Turning ilk uchrashuvi Qarshida «Qizilqum» hamda «So‘g‘diyona» jamoalari ishtirokidagi o‘yin bilan boshlanadi. Uchrashuv soat 18:15 da «Markaziy» stadionida tashkil etiladi. Hozirda «So‘g‘diyona» 30 ochkoni qo‘lga kiritib, Superliganing uchinchi pog‘onasida bormoqda. «Qizilqum» esa 18 ochko jamg‘arib, 11-o‘ringa joylashgan.
Bugun 18-tur doirasida «o‘zbek klassikosi» deya nom olgan «Paxtakor» – «Neftchi» o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi. O‘yinni Temur To‘xtasinov bosh hakam sifatida o‘tkazadi. Unga qanotlarda Sherzod A’zamov, Islom Azimov yordam bersa, Asker Najafaliyev va Aleksandr Sidorov VAR bo‘yicha faoliyat ko‘rsatadi.
Ushbu ikki jamoa hozirda medallar uchun kurashmoqda va bu o‘yinda ularga 3 ochko suv va havodek zarur. Shu sababli ham jamoalar ochiq futbol namoyish etishi kutilmoqda. Har qanday natija bilan yakunlanmasin bu safargi bahs shiddatli o‘tishi shubhasiz. Eslatib o‘tishimiz joizki, «Paxtakor» 17-tur yakuniga ko‘ra 28 ochko bilan 4-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, «Neftchi» 26 ochko jamg‘arib, poytaxt klubini ta’qib etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: jamoalar milliy chempionatlar tarixida 59 o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, «Paxtakor» 28 g‘alaba, 9 durang va 22 mag‘lubiyat qayd etgan. Raqib darvozasiga 97 to‘p kiritgan «Sherlar» o‘z darvozasidan 70 to‘p o‘tkazib yuborgan. Toshkentdagi bellashuvlarning 21 tasida «Paxtakor» ustun kelgan bo‘lsa, 6 bahsda farg‘onaliklar g‘alaba qozongan. Ikki o‘yin durang bilan tugagan. «Paxtakor» 10 bor raqibni yirik natija bilan dog‘da qoldirgan bo‘lsa, «Neftchi»da bunday g‘alabalar soni uchtani tashkil qiladi. «Paxtakor»ning eng yirik g‘alabasi 6:0, «Neftchi»da esa 4:0 hisoblanadi.
Shuningdek, klublar O‘zbekiston Kubogida 15 uchrashuv o‘tkazgan va «Paxtakor» ularning 12 tasida ustun kelgan. 3 bellashuvda «Neftchi» zafar quchgan. «Paxtakor-79» xotira turniri va «Toshkent xalqaro turniri» finallarida ham jamoalarning to‘qnashuvi ro‘y berib, ularda ham poytaxt klubi muvaffaqiyatga erishgan.