Tojikiston bosh muftiysiga hujum uyushtirildi

Tojikiston bosh muftiysiga hujum uyushtirildi

Tojikiston bosh muftiysi Saidmukarram Abduqodirzoda 11 sentyabr kuni poytaxt Dushanbedagi markaziy masjid yaqinida sodir etilgan hujumda yaralangan, deb xabar berdi respublika Ichki ishlar vazirligi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, nomalum shaxs masjiddagi namozdan so‘ng ruhoniyni «teshuvchi buyum» bilan pichoqlagan. Muftiy yengil tan jarohati olgan va tibbiy ko‘rikdan so‘ng uyiga jo‘natilgan.

Ichki ishlar vazirligi hujumchi qo‘lga olinganini qo‘shimcha qildi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ulamolar kengashi respublikadagi musulmonlarning oliy organi hisoblanadi. Faqat u fatvo berish huquqiga ega - tojikistonliklarning aksariyati sunniy islomning hanafiy mazhabi tarafdorlaridir.

Iyun oyida parlament islomiy liboslar va Qurbon hayitini nishonlashni tartibga soluvchi yangi qonun loyihasini qabul qilganidan keyin Tojikistonda hijob va boshqa «xorijiy kiyimlar» kiyish rasman taqiqlangan edi.

Mart oyida mamlakat prezidenti Imomali Rahmon hijobni «xorijiy kiyim» deb atagan edi. Uning vazirlar mahkamasi muqobil sifatida an’anaviy tojik milliy kiyimlarini targ‘ib qilishga harakat qilmoqda.

Iyul oyida mamlakat hukumati bundan ham uzoqroqqa bordi va aholiga qora kiyim kiymaslikni tavsiya qildi. Mamlakat rasmiylari ham norasmiy ravishda erkaklarni qalin soqol qo‘yishdan qaytaradi.

Huquq himoyachilari Tojikiston rasmiylarining hijob o‘rash qarorini e’tiqod erkinligining buzilishi sifatida tanqid qilishdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!