Qiz jiyanini pichoqlagan erkakka sud hukmi o‘qildi

Qiz jiyanini pichoqlagan erkakka sud hukmi o‘qildi

Ichkilik odamni ne kuyga solmaydi, deysiz. Hatto shunday vaziyatlar bo‘ladiki, bu og‘uning ta’sirida jon jigarlar bo‘lgan tog‘a va jiyan o‘zaro janjallashib, ziddiyat bir insonning tan jarohati olishi bilan yakun topadi.

 

«Kattalarga baqirma!»

Bozorning kirish eshigi oldidagi tamaddixonada ovqatlanib, 100 gr aroq ichgan Rustam Komilov (maqoladagi ism-familiyalar o‘zgartirildi) o‘zi bilan kabob va qovurilgan baliq olib, uyiga qaytadi. Uyga kirib kelganda, ichkarida turmush o‘rtog‘i, opasi va jiyani suhbatlashib o‘tirishardi. Qo‘lidagi narsalarni rafiqasiga berib, o‘zi opasi bilan gaplashayotganida, jiyani Mohira gapga aralashib, opasiga baqira boshlaydi. Bundan achchig‘i kelgan tog‘a jiyanini tartibga chaqirmoqchi bo‘lib, unga tanbeh beradi va gapga aralashmaslikni tayinlaydi. Yosh, qiziqqon Mohira esa bu gaplarni qulog‘iga ilmay, tog‘asiga ham baqiradi. Spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan erkakka bunday munosabat yoqarmidi?! Yo‘q! G‘azabdan ko‘zi qonga to‘lgan tog‘a dasturxon ustida turgan oshxona pichog‘ini shaxt bilan olib, Mohira tomonga otdi.

O‘tkir tig‘ manzilda adashmagandi. Pichoq to‘g‘ri borib, Mohiraning qorin qismiga sanchiladi. Qizning qon yo‘qotayotganini ko‘rgan ayollar darhol qorin ustiga sochiq bosib, uni shifoxonaga olib ketishadi.

Tuman sudga oid tibbiy ekspertiza byurosining xulosasiga ko‘ra, Mohira Mamajonovaning badanidagi tan jarohatlari qorin o‘ng yon devori qorin bo‘shlig‘iga kirib boruvchi o‘tkir predmetdan bir dona sanchilgani, kesilgan jarohat ekani, jigarning yettinchi sigmentini shikastlagani, ichki qon ketishi, postrogemoragik shok 2-darajasi ko‘rinishida bo‘lgani aytiladi.

«Nega meni haqorat qiladi?»

Baxtli tasodif tufayli omon qolgan Mohira Mamajonova sudda bo‘lib o‘tgan voqealarni quyidagicha so‘zlab berdi.

Mohira Mamajonova, jabrlanuvchi:

O‘sha kuni buvimning qirqi edi. Ertalabdan tog‘amning uyida yig‘ilgandik. Kechki tomon, taxminan soat 19.00 atrofida tog‘am kirib keldi. Uning spirtli ichimlik ichgani ko‘rinib turardi. Tog‘am uyga kirishi hamon meni haqorat qila boshladi. Unga «Nega meni haqorat qilyapsiz?», deganimda battar baqir-chaqir qildi. Keyin esa dasturxon ustida turgan yog‘och sopli pichoqni qo‘liga olib, men tomonga otdi. Bu shunchalik tez sodir bo‘ldiki, nimalar bo‘lganini sezmay qoldim. Qornimdan issiq qon oqayotganini ko‘rib, qattiq qo‘rqib ketdim. Xolam darrov qornimga sochiq bosib, meni shifoxonaga olib ketdi. Shifoxonada necha kun yotgan bo‘lsam, tog‘am biror marta ham xabar olmadi. Na dori-darmonga qarashdi, na hol-ahvol so‘radi.

O‘sha kuni jiyanini tuman tibbiyot birlashmasiga olib borgan xolasi – Ma’mura Ismoilova, janjalni Rustam boshlagani, keltirgan kabobini jiyaniga bo‘lib berayotganda, «Unga bermang», deb haqorat qilganini so‘zlab berdi.

Tog‘a jiyan o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqanda, Mohiraning onasi ukasinikida bo‘lmagan. Qizi shifoxonaga tushib qolganidan xabar topgach, voqea joyiga yetib keladi.

Rustam Komilov O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 1-qismi bilan aybli deb, topilib, unga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Spirtli ichimlik ta’sirida jiyaniga tan jarohati yetkazgan tog‘a garchand qilgan ishidan qattiq pushaymon bo‘lgan bo‘lsa-da, bu voqea hali ko‘p vaqt opa-ukaning bir-biridan ko‘ngli sovushiga sabab bo‘ladi. Zotan o‘ylamay qilingan har bir ish oxir-oqibat ana shunday oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Saidjon BADRIDDINOV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tumani sudi raisi

Dildora YUSUFBEKOVA, jurnalist.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!