Prezident Kristina Kirshner 6 yilga qamaldi

Prezident Kristina Kirshner 6 yilga qamaldi

Argentina sudi korrupsiya ishi bo‘yicha sobiq prezident Kristina Kirshnerga 6 yillik qamoq jazosi tayinladi va unga umrbod davlat lavozimlarida ishlashni taqiqladi.

Argentina Federal sudi mamlakatning amaldagi vise-prezidenti va sobiq prezidenti Kristina Kirshnerni yo‘l qurilishi sohasida korrupsiya ishi bo‘yicha olti yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Shuningdek, unga umrbod davlat lavozimlarida ishlash taqiqlandi. U hukm ustidan tegishli idoralarga shikoyat qilishi mumkin.

Kirshner bilan birgalikda bu ishga yana o‘n ikki kishi tortilgan, ularning orasida sobiq amaldorlar va tadbirkorlar bor. Tergov ular yillar davomida byudjetni talon-taroj qilib, yo‘l qurilishi uchun narxlarni oshirib kelganini iddao qilmoqda. Kirshner tomonidan bevosita imzolangan bitta ham hujjat yo‘q, ammo prokurorning so‘zlariga ko‘ra, uning rasmiy pozisiyasi va xabardorlik darajasini hisobga olgan holda, u nima bo‘layotganidan xabardor bo‘lgan. Shu boisdan prokuratura uni jinoiy guruh rahbari deb hisoblagan. Vise-prezidentning o‘zi barcha ayblovlarni rad etmoqda.

Sobiq prezidentdan tashqari yirik tadbirkor Lazaro Bayez va yana yetti kishi haqiqiy jinoiy jazolarga hukm qilindi, to‘rt nafari oqlandi.

Avgust oyida prokuror Kirshnerni 12 yilga ozodlikdan mahrum qilishni va umrbod davlat lavozimlarida ishlashdan mahrum qilishni so‘ragan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!